DXX tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida Toshkent va Fargʻona viloyatlarida giyohvand moddalarning noqonuniy savdosiga chek qo‘yildi.
Xususan, Tojikistondan Sirdaryo daryosi orqali O‘zbekiston hududiga davlat chegarasini buzgan holda suzib oʻtgan — Bekobod shahrida yashovchi, 1998-yilda tug‘ilgan fuqaro qoʻlga olindi. Tekshiruvlar davomida uning yonida boʻlgan 5 kilogramm 31 gramm gashish moddasi protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.
Boshqa holatda esa DXX Toshkent viloyati boʻyicha boshqarmasi va bojxona idoralari hamkorligida poytaxtda faoliyat yurituvchi xususiy tibbiy klinikalardan birining xonasi xolislar ishtirokida koʻzdan kechirilganda, mazkur shifoxonada davolanayotgan 1970-yilda tug‘ilgan shaxsga tegishli 1 kilogramm 367 gramm gashish moddasi borligi maʼlum boʻlgan.
Shuningdek, uning yashash xonadonidan ham 2 gramm opiy moddasi ashyoviy dalil sifatida olingan.
Koʻrilgan chora-tadbirlar natijasida, uning jinoiy sherigi hisoblangan — Fargʻona shahrida yashovchi, 1998-yilda tug‘ilgan fuqaro ham qoʻlga olingan.
Navbatdagi holatda esa oldindan kuzatuvga olingan Fargʻona viloyatining Qoʻshtepa tumanida istiqomat qiluvchi, 1999-yilda tug‘ilgan fuqaro oʻzining Nexia rusumli avtomashinasida Margʻilon shahri hududida harakatlanib ketayotib avtoulovdan 996 gramm gashish moddasini uloqtirib, voqea joyidan qochishga uringan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Hozirda qonunbuzarlarning barchasiga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, qamoq ehtiyot chorasi qoʻllandi. Tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq O‘zbekistonda 2026-yilning dastlabki ikki oyida narkotiklarni o‘tkazish va tarqatish bilan shug‘ullanuvchi 22 ta uyushgan narkojinoiy guruh faoliyatiga chek qo‘yilgani to‘g‘risida xabar berilgandi.








