AQSH va Isroilning Eronga qarshi urushi yaqin 2-3 hafta ichida tugashi mumkin. Bu haqda prezidenti Donald Tramp 1-aprel kuni Oq uyda jurnalistlar bilan suhbatda ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Eronga hujumlar mamlakat rahbariyati bilan kelishuv tuzilmagan taqdirda ham to‘xtatiladi.
“Ularda rejim o‘zgardi. Bu mening rejamda yo‘q edi. Mening bitta maqsadim bor edi — ularda yadro quroli paydo bo‘lishining oldini olish va bu maqsadga erishildi... Biz ishni tugatyapmiz va bu ikki hafta, ehtimol, yana bir necha kun davom etadi. Ularda bor bo‘lgan hamma narsani yo‘q qilmoqchimiz”, dedi Tramp.
AQSH prezidenti kelishuvga erishilgach, urush ertaroq tugashi mumkinligini tan oldi, u Eron hukumati buni “juda xohlayotgani”ni aytdi. Biroq, Tramp kelishuvga erishish yoki erishmaslik fakti “farqlanmasligi”ni taʻkidladi
Tramp: Hormuz bo‘g‘ozi blokadasining bizga aloqasi yo‘q
AQSH prezidentining so‘zlariga ko‘ra, Amerika va Isroil hujumlari boshlanganidan keyin Eron tomonidan Hormuzning Yevropa kemalari uchun yopilishi AQSHning muammosi hisoblanmaydi.
“Agar Fransiya yoki boshqa biror davlat gaz yoki neft olishni istasa, ular Hormuz bo‘g‘ozidan o‘tib, o‘zlariga g‘amxo‘rlik qilishi mumkin. Bo‘g‘ozda sodir bo‘layotgan voqealarning bizga aloqasi yo‘q”, dedi u.
AQSH prezidenti Yaqin Sharqda urush va Hormuz bo‘g‘ozi blokadasi tufayli neft narxi 50 foizga keskin oshishiga izoh berdi. Trampning fikricha, AQSH “tez orada” Eronga hujumlarni to‘xtatishi bilan “narxlar keskin tushib ketadi”.
Trampning bu bayonotlari uning avvalgi tahdid va ogohlantirishlariga zid. Xususan, AQSH prezidenti Hormuz boʻgʻozini ochishni talab qilib kelayotgandi. Hatto buning uchun quruqlikdagi qo‘shinlarni jalb etish ehtimolini ham inkor etmagan.
Shuningdek, u Eron bo‘g‘ozni ochmasa, mamlakatning energetika obyektlariga zarba berilishini ta’kidlagan edi. Keyinchalik esa Tehron bilan muzokaralar fonida bu zarbalarni 6-aprelgacha qoldirdi. Mutaxassislar Tramp may o‘rtalarida Xitoy raisi Si Szinpin bilan uchrashishi kutilayotgani va urush shu muddatga qadar yakunlanishi mumkinligini aytmoqda








