Eron Hormuz bo‘g‘ozini ochish uchun AQSHga shartlar qo‘ydi. Eron parlamenti raisi Muhammad Bag‘ir G‘olibaf mazkur shartlarni ochiqladi.
“To‘liq o‘t ochishni to‘xtatish amal qilishi uchun dengiz blokadasi to‘xtashi, jahon iqtisodiyoti garovga olinmasligi va sionistlarning barcha frontlarda urushni avj oldirishi to‘xtatilishi kerak. Sulh buzilgan vaziyatda, Hormuz bo‘g‘ozini ochib bo‘lmaydi. Yagona yo‘l — Eron millatining huquqlarini tan olish”, deb yozdi G‘olibaf X ijtimoiy tarmog‘ida.
Eron Hormuz bo‘g‘ozini 17-aprel kuni ochgan bo‘lsa-da, ertasi kuni uni qayta yopdi. Bunga AQSH prezidenti Donald Trampning Eronga qarshi dengiz blokadasi bekor qilinmagani sabab bo‘ldi.
AQSH va Eron muzokaralari
Tomonlar o‘rtasidagi muzokaralarning birinchi bosqichi 11-12-aprel kunlari Islomobodda bo‘lib o‘tdi, biroq u hech qanday natijasiz yakunlandi. AQSH Hormuzni blokada qilishni boshladi va bo‘g‘ozdan o‘tadigan kemalar Eronga to‘lov qilsa, ta’qib qilinishidan ogohlantirdi.
AQSH 19-aprel kuni Ummon ko‘rfazida suzayotgan Eron kemasini o‘qqa tutib, qo‘lga oldi. Kema Eronning Bandar-Abbos porti tomon yo‘l olayotgandi. Bunga javoban Eron AQSHning harbiy kemalariga hujum qilganini ta’kidladi.
Tomonlar o‘rtasida kelishilgan ikki haftalik sulh 21-aprelda tugasa-da, Tramp oxirgi muddat 22-aprel oqshomi ekanini ma’lum qildi. Ammo AQSH prezidenti sulh tugagan kuni Pokiston iltimosiga ko‘ra uni uzaytirganini, Erondan tinchlik muzokaralari uchun takliflar kutayotganini ma’lum qildi.








