AQSH prezidenti Donald Tramp o‘z maslahatchilariga Eron bilan urushni tezroq tugatish niyatida ekanini aytdi. Bu haqda The Wall Street Journal xabar berdi.
Eronga qarshi urush boshlanganiga 28-mart kuni bir oy to‘ladi. Tramp maslahatchilariga mojaro yakuniy bosqichga kirganini bildirgan va urushni 4–6 hafta ichida tugatish bo‘yicha ilgari aytgan muddatga amal qilishni so‘ragan.
Tramp may oyi o‘rtalarida Xitoy raisi Si Szinpin bilan sammit o‘tkazishni rejalashtirgan. Dastlab uchrashuv mart oyiga belgilangan edi, biroq Eron bilan urush sabab u kechiktirilgan. Manbalarga ko‘ra, urushni may oyi o‘rtalarigacha yakunlash rejalashtirilmoqda.
Muammo shundaki, Trampda urushni tugatish bo‘yicha oson variantlar yo‘q, tinchlik muzokaralari esa hali boshlang‘ich bosqichda. Tashqi siyosiy ittifoqchilar bilan suhbatlarda Trampning e’tibori ba’zan boshqa masalalarga, jumladan, AQSHdagi bo‘lajak oraliq saylovlar, aeroportlarga immigratsiya xodimlarini yuborish va saylov qoidalarini kuchaytirishga oid qonunchilik tashabbuslariga qaratilmoqda.
“Tramp hamkasblaridan biriga urush uning boshqa ustuvor vazifalaridan chalg‘itayotganini aytdi”, dedi manbalardan biri.
Ba’zi manbalarga ko‘ra, prezident keyingi yirik vazifaga o‘tishga tayyor, biroq bu nima ekani ochiqlanmagan. Ayrim ittifoqchilari uning e’tibori Kubadagi rejimga qarshi choralar tomon burilishini kutmoqda. Yaqin maslahatchilar esa aholining asosiy muammosi — yashash xarajatlari oshishi masalasiga e’tibor qaratishni tavsiya qilmoqda.
“Prezident Tramp ko‘p vazifalarni bajarishda favqulodda mohir va bir vaqtning o‘zida bir nechta muammolar ustida ishlaydi. Prezident terrorchi Eron rejimiga qarshi harbiy maqsadlarga to‘liq erishishga qaratilgan lazerdir. Uning yagona e’tibori doimo g‘alaba bo‘lib kelgan”, dedi Oq uy matbuot kotibi Kerolayn Levitt.
Tramp shu hafta urushni diplomatik yo‘l bilan hal qilishga qiziqish bildirdi va Eron elektr stansiyalariga zarba berishni vaqtincha bekor qildi. Uning maslahatchilari kelishuv doirasida Eron neftidan foydalanish ehtimolini ham muhokama qilmoqda.
“Agar Tehron mojaroni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishmasa, AQSH Eronga har qachongidan ham qattiqroq zarba beradi. Prezident Tramp aldamayapti va u do‘zax olovini yog‘dirishga tayyor”, dedi Levitt.
Ta’kidlanishicha, Tramp zarurat tug‘ilganda Eron hududida quruqlik operatsiyasini boshlashga tayyor, biroq bu urushni tez yakunlash maqsadiga zid bo‘lishini hisobga olmoqda.
“Prezident urush davom etsa, halok bo‘ladigan yoki yaralanadigan AQSH qo‘shinlari soni ko‘payishi mumkinligidan xavotirda”, dedi amerikalik rasmiylar.
Hozirgacha qariyb 300 amerikalik yaralangan, 13 nafari halok bo‘lgan. Prezidentga yaqin manbalar Trampning urush bo‘yicha qarorlarini oldindan bashorat qilish qiyinligini ta’kidlamoqda. Chunki u ba’zida diplomatiyaga moyillik bildirsa, ba’zida zarbalarni kuchaytirish tarafdori bo‘ladi.
Biroq urushni yakunlash faqat Trampga bog‘liq emas. AQSH va Eron hali kelishuvga erishmagan, Tehron esa to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralarni rad etmoqda. Agar kelishuv yoki aniq harbiy g‘alaba bo‘lmasa, Hormuz bo‘g‘ozidagi vaziyat global energiya bozorlariga bosimni davom ettiradi.








