AQSH prezidenti Donald Tramp Eron energetika infratuzilmasiga zarba berishni yana 10 kunga — 6-aprelgacha kechiktirdi. Bu haqda u Truth Social ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida ma’lum qildi.
Tramp bu qaror Eron tomoni iltimosiga ko‘ra qabul qilinganini aytdi.
“Ushbu bayonotni elektr stansiyalarini yo‘q qilish muddatini 10 kunga, ya’ni 2026-yil 6-aprel, dushanba kuni sharqiy vaqt bilan soat 20:00 ga qadar to‘xtatib turishimning tasdig‘i sifatida qabul qilishingizni so‘rayman. Muzokaralar davom etmoqda, feyk OAV va boshqa manbalarning noto‘g‘ri bayonotlariga qaramay, ular juda yaxshi o‘tmoqda”, deb yozdi Tramp.
Avvalroq AQSH prezidenti agar Eron Fors ko‘rfazi mamlakatlaridan neft va gaz tashiladigan Hormuz bo‘g‘ozi blokadasini bekor qilmasa, energetika obyektlariga zarba berish bilan tahdid qilgandi.
Dastlab Oq uy belgilagan ultimatum muddati 28-mart kuni tugashi kerak edi. Biroq 23-martdayoq Tramp muzokaralar uchun zarbalarni besh kunga kechiktirganini aytdi. Tehron esa Vashington bilan muzokaralar olib borilayotganini rad etmoqda.
The New York Times ma’lumotiga ko‘ra, Eron vaqtinchalik sulhga rozi emas, u AQSH va Isroil tomonidan hujum qilmaslik kafolatlarini olishni istaydi. Shuningdek, Hormuz bo‘g‘ozini ochish uchun AQSHning Fors ko‘rfazidagi bazalarini yopish hamda Eronga tovon puli to‘lash shartini ilgari surgan. Hozirda Hormuz bo‘g‘ozi orqali faqat Tehronga do‘st bo‘lgan davlatlarning kemalari harakatlana oladi.








