AQSH prezidenti Donald Tramp agar Hormuz bo‘g‘ozidagi Amerika kemalari nishonga olinsa, Eronni “yer yuzidan yo‘q qilish” bilan tahdid qildi. U bu haqda Fox News muxbiri Trey Yingstga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Ma’lum qilinishicha, gap Hormuz bo‘g‘ozida qolib ketgan savdo kemalarini kuzatib borayotgan AQSH kemalari haqida ketmoqda. Ular “Ozodlik loyihasi”da ishtirok etmoqda.
“Men prezident Tramp bilan Eron bilan bog‘liq vaziyat boʻyicha 20 daqiqa suhbatlashdim. U ‘Ozodlik loyihasi’ va AQSHning Hormuz bo‘g‘ozida savdo kemalarini kuzatib borish bo‘yicha sa’y-harakatlari haqida gapirdi. U Eronga yangi ogohlantirish berib, agar eronliklar bu hududdagi Amerika kemalariga hujum qilishga urinsa, ular, iqtibos keltiraman, ‘yer yuzidan yo‘q qilinadi’, dedi”, deya ta’kidladi Yingst Fox News efirida.
Urushni tugatish bo‘yicha muzokaralar qanday ketayotgani haqidagi savolga Tramp eronliklar “ancha murosaga moyil” bo‘lib qolganini aytgan.
Tramp 3-may kuni kechqurun “Ozodlik loyihasi” ishga tushirilganini e’lon qilgan edi. 4-may kuni AQSH Qurolli kuchlari Markaziy qo‘mondonligi rahbari, admiral Bred Kuper harbiylar Eronning AQSH harbiy va savdo kemalariga qarata uchirgan raketa hamda dronlarini urib tushirganini aytdi. Tramp esa AQSH bir nechta Eron katerlarini ham cho‘ktirganini qo‘shimcha qildi.
AQSH, Isroil va Eron o‘rtasidagi urush boshlanganidan so‘ng Tramp Tehronga bir necha bor halokatli oqibatlar bilan tahdid qildi. Aprel boshida u eronliklarni, agar ular Hormuz bo‘g‘ozini ochmasa, “do‘zax” va “sivilizatsiyaning halokati” bilan qo‘rqitgandi. Oradan ko‘p o‘tmay, 8-aprel kuni AQSH va Eron o‘rtasida vaqtinchalik sulh tuzilgan. Tomonlar o‘rtasida kelishilgan ikki haftalik sulh 21-aprelda tugashi kerak edi, biroq Tramp oxirgi muddat 22-aprel oqshomi ekanini bildirgan. Keyinchalik u Pokiston iltimosiga ko‘ra sulhni nomaʻlum muddatga uzaytirilgan va Erondan tinchlik muzokaralari bo‘yicha takliflar kutayotganini ma’lum qilgan.
Yaqin Sharqda vaziyat yana keskinlashdi: BAA porti va AQSH kemalariga hujum qilindi
4-may kuni mintaqada Eron atrofidagi urush doirasida harbiy harakatlar yana avj oldi. BAAning strategik muhim Fujayra neft porti va bir nechta AQSH kemalariga zarbalar berildi. Eronga nisbatan qat’iy choralar ko‘rishni yoqlab kelayotgan BAA xavf haqida ogohlantirish berdi. Dron hujumi oqibatida Fujayra neft markazida yong‘in chiqdi. BAA tashqi ishlar vazirligi holat yuzasidan bayonot berib, Eronning yangi hujumlarini “xavfli eskalatsiya” va “qabul qilib bo‘lmas tajovuz” deb baholadi. Vazirlik agressiyaga javob berish huquqini borligini bildirdi. AQSH esa hujumlar ortidan Eronning oltita qayigʻini choʻktirganini e’lon qildi.








