Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy 30-mart kuni mamlakat AQSH tomonidan amalga oshirilayotgan Hormuz bo‘g‘izini blokadadan chiqarish harakatlariga ko‘mak berishga tayyorligini bildirdi. Bu haqda “Ukrainskaya Pravda” xabar berdi.
Ukraina rahbari o‘zining Yaqin Sharqqa tashrifi davomida Qora dengiz savdo yo‘lini ochish bo‘yicha to‘plangan tajriba Hormuz bo‘g‘ozidagi vaziyatni o‘nglashda ham asqatishi mumkinligini aytdi.
“Biz bu masalani ko‘tardik, chunki energetik inqiroz sharoitida bu butun dunyo uchun og‘riqli va dolzarb muammodir. Ular bu sohadagi tajribamizga tayanishlari mumkinligini biladi. Biz Qora dengiz koridori va uning qanday ishlashi borasidagi tajribamiz bilan batafsil o‘rtoqlashdik”, dedi Zelenskiy.
Prezidentning ta’kidlashicha, muzokaralar ishtirokchilari Ukraina Qurolli kuchlarining Qora dengiz yo‘lini samarali ochish borasidagi muvaffaqiyatini e’tirof etgan. Zelenskiy Ukraina zarurat tug‘ilganda sheriklarini qo‘llab-quvvatlashga doim tayyorligini qo‘shimcha qildi.
Shuningdek, Zelenskiy o‘tgan hafta mintaqaga safari davomida Qatar, Saudiya Arabistoni va Birlashgan Arab Amirliklari bilan imzolangan mudofaa bitimlarini tarixiy deb baholadi.
Garchi kelishuvlar mazmuni ochiqlanmagan bo‘lsa-da, Zelenskiy ularning asosiy yo‘nalishi haqida ma’lumot berdi. Gap Ukraina harbiylarining dron urib tushirish borasidagi tajribasi haqida bormoqda.
Hozirda Fors ko‘rfazi davlatlari Eron tomonidan ishlab chiqilgan va Rossiya Ukraina hududiga uchirayotgan Shahed dronlari hujumiga uchramoqda. Shu sababli Ukraina va Yaqin Sharq davlatlari harbiy-texnik hamkorlik bo‘yicha strategik tushunishga erishdi. Kiyev o‘zining Rossiya dronlariga qarshi kurashishdagi noyob tajribasidan Fors ko‘rfazi mamlakatlariga yordam berishda foydalanmoqchi.
“Imzolangan hujjatlar 10 yillik muddatni ko‘zda tutuvchi uzoq muddatli kelishuvlardir”, dedi Ukraina rahbari.








