AQSH prezidenti Donald Tramp “Eron neftini qoʻlga kiritib“, mamlakatning yirik yonilg‘i markazi hisoblangan Xarg orolini egallab olishi mumkinligini aytdi. U bu haqda Financial Times nashriga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Rostini aytsam, men eng yoqtirgan narsa — Eron neftini qoʻlga kiritishdir, biroq AQSHdagi ayrim ahmoqlar “Nega bunday qilyapsiz?” deb so‘raydi. Ular shunchaki ahmoq odamlar, dedi Tramp.
U bu harakat Xarg orolini egallashni anglatishi mumkinligiga ishora qildi.
Balki, Xarg orolini olarmiz, balki yo‘q. Bizda ko‘plab variantlar bor. Bu, shuningdek, u yerda (Xarg orolida) bir muddat qolishimizga to‘g‘ri kelishini ham anglatadi, dedi AQSH rahbari.
Tramp Eron Xarg orolini mudofaa qilmayotgan boʻlishi mumkinligini ma’lum qildi.
Menimcha, ularda hech qanday mudofaa yo‘q. Uni juda osonlik bilan egallab olamiz, deya ta’kidladi u.
Prezident, shuningdek, Pokiston vositachiligi orqali AQSH va Eron o‘rtasida olib borilayotgan bilvosita muzokaralar “yaxshi ketayotgani”ni qo‘shimcha qildi.
Kelishuvga ancha tez erishish mumkin, deya xulosa qildi Tramp.
Bu bayonotlar AQSHning 3,5 ming nafar dengiz kuchlari Yaqin Sharqqa kelgan bir paytda yangradi. AQSH ulardan Eronning bir nechta orollarini egallab olish va ulardan Hormuz bo‘g‘ozini ochishga bosim vositasi sifatida foydalanishi mumkin.
Fors ko‘rfazida joylashgan, uzunligi qariyb 8 kilometr bo‘lgan Xarg oroli Eron uchun muhim neft markazi hisoblanadi. Mamlakat neft eksportining qariyb 90 foizi shu orol orqali amalga oshiriladi. Urushning dastlabki ikki haftasida orol AQSH-Isroil hujumlaridan deyarli chetda qolgandi.
Biroq o‘tgan hafta AQSH oroldagi harbiy inshootlarni bombardimon qildi, neft eksport qilinadigan obyektlar hujumga uchramadi. Tramp agar Eron yoki boshqa davlatlar kemalarning Hormuz bo‘g‘ozidan xavfsiz o‘tishiga “qandaydir tarzda xalaqit bersa”, neft obyektlari hujumga uchrashini aytgan.








