AQSH Eronga qarshi urushni qo‘llab-quvvatlamagani uchun Ispaniyani NATOdan chetlatish variantini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda Pentagonning ichki elektron yozishmalariga tayanib Reuters xabar berdi.
Yozishmalarda Ispaniyadan tashqari, Buyuk Britaniyaning Folklend orollariga bo‘lgan da’vosi bo‘yicha AQSH pozitsiyasini qayta ko‘rib chiqish masalasi ham ko‘tarilgan. Ushbu choralar ba’zi ittifoqchilarning Eronga qarshi urushda o‘z bazalari va havo hududidan foydalanishga ruxsat bermayotganidan norozilik sifatida tayyorlangan.
Anonimlik sharti bilan ma’lumot bergan rasmiyning tushuntirishicha, ittifoqchilarning o‘z havo hududini AQSH uchun ochib berishi NATOning “mutlaq asosiy majburiyati” hisoblanadi. Pentagon ittifoqchilarga qarshi “jazo variantlari”ni yuqori darajada muhokama qilmoqda.
Variantlardan biri AQSH bilan hamkorlikda “qiyinchilik tug‘dirayotgan” mamlakatlarni NATOdagi muhim va nufuzli pozitsiyalardan chetlatishni nazarda tutadi, dedi mulozim.
Prezident Donald Tramp NATO ittifoqchilarini 28-fevralda urush boshlanishi ortidan yopilgan Hormuz bo‘g‘ozini ochishda yordam bermagani uchun keskin tanqid qilgan edi. U o‘shanda AQSHning alyansdan chiqishi ehtimolini ham inkor etmagan.
Biroq pochtadagi yozishmalarda AQSHning NATOdan chiqishi yoki Yevropadagi bazalarni yopishi haqida so‘z bormagan. Pentagon matbuot kotibi Kingsli Uilson xat yuzasidan quyidagicha izoh berdi:
Prezident Tramp ta’kidlaganidek, AQSH NATOdagi ittifoqchilari uchun qilgan barcha ishlariga qaramay, ular kerakli vaqtda yonimizda bo‘lmadi. Harbiy departament ittifoqchilarimiz endi shunchaki “qog‘ozdagi yo‘lbars” bo‘lib qolmasdan, balki o‘z vazifalarini to‘liq bajarishini ta’minlash uchun prezidentga ishonchli choralar variantini taqdim etadi. Bu boradagi ichki muhokamalar haqida izoh bermaymiz, dedi Uilson.
Tahlilchilarga ko‘ra, AQSH—Isroilning Eronga qarshi urushi 76 yillik blokning kelajagini so‘roq ostida qoldirdi. Britaniya va Fransiya AQSHning dengiz blokadasiga qo‘shilish urushga kirish bilan barobar ekanini aytib, faqat sulhdan keyin yordam berishga tayyorligini bildirdi.
Ispaniya esa o‘z bazalaridan Eronga hujum qilish uchun foydalanishni rasman taqiqladi. AQSHning ushbu mamlakatda ikkita strategik bazasi mavjud. Hozircha Reuters NATOda a’zo davlatni alyansdan chetlatishning aniq huquqiy mexanizmi bor-yo‘qligini aniqlay olmadi.
Shuningdek, Vashington Britaniya nazoratidagi Folklend orollari masalasida Argentina (prezident Havyer Miley — Trampning yaqin ittifoqchisi) foydasiga o‘z diplomatik pozitsiyasini o‘zgartirishi mumkin. Tramp Britaniya bosh vaziri Kir Starmerni urushga qo‘shilmagani uchun bir necha bor haqorat qilib, uni “Uinston Cherchill emas” va “qo‘rqoq” deb atagandi. U mamlakatning aviatsiyali kemalarini esa “o‘yinchoqlar” deb ta’riflagan. Britaniya AQSH samolyotlarining o‘z bazalaridan turib Eronga hujum qilishiga ruxsat bermagan edi.
Tramp NATOdagi ittifoqchilarni “yaxshi” va “yomon”ga ajratdi
Oq Eronga qarshi urushni qo‘llab-quvvatlashdan bosh tortgan mamlakatlar ro‘yxatini tuzgan.
“Yomon” ittifoqchilarni jazolash masalasiga kelganda, ularda aniq g‘oyalar yo‘qqa o‘xshaydi. Qo‘shinlarni olib chiqib ketish — variantlardan biri, ammo bu asosan AQSHning o‘zi uchun jazo bo‘ladi, shunday emasmi?, dedi yevropalik amaldorlardan biri.
Politico ta’kidlashicha, NATOning ayrim davlatlaridan qo‘shinlarni olib chiqish qimmat va qiyin jarayon hisoblanadi. Boshqa variantlar orasida qo‘shma o‘quv mashg‘ulotlarini qisqartirish va qurol-yarog‘ sotishni to‘xtatish ham bor.








