Daryo

Eron urushni Yaqin Sharqdan tashqariga yoyish bilan tahdid qildi

Tehron buni AQSH qayta hujum qilgan taqdirda amalga oshirishini ta’kidladi.

2 daqiqa o‘qish8 511 ko‘rishlar0 izoh9

AQSH prezidenti Donald Tramp harbiy harakatlar qayta boshlanishini aytganidan keyin, Eron urush ko‘lamini Yaqin Sharq hududidan tashqariga yoyish bilan tahdid qildi. Bu haqda Tehronning 20-may kungi bayonotiga tayanib Reuters xabar berdi.

Eron har qanday yangi hujumga javoban AQSH bazalari joylashgan Yaqin Sharq davlatlariga zarba berish bilan bir necha bor tahdid qilgan edi. 20-may kuni esa Islom Respublikasi nishonlar doirasi yanada kengayishiga shama qildi.

“Agar Eronga qarshi agressiya takrorlansa, bu safar va’da qilingan mintaqaviy urush mintaqa chegaralaridan tashqariga chiqadi”, deyiladi Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi bayonotida.

Tramp “Epik g‘azab” operatsiyasini otashkesim sababli to‘xtatganiga olti hafta bo‘ldi. Ammo urushni tugatish bo‘yicha muzokaralar deyarli to‘xtab qolgan. Eron shu haftada AQSHga yangi taklif kiritdi. Biroq taklifning ochiqlangan bandlarida Tramp avvalroq rad etgan shartlar yana takrorlangan. Eron quyidagilarni talab qilmoqda:

  • Hormuz bo‘g‘ozini nazorat qilish;
  • urush yetkazgan zararni qoplash;
  • sanksiyalarni bekor qilish;
  • muzlatilgan aktivlarni qaytarish;
  • AQSH qo‘shinlarini mintaqadan olib chiqib ketish.

Tramp 18-19-may kunlari yangi bombardimon kampaniyasini boshlashga juda yaqin kelganini aytdi. Ammo u Qatar, BAA va Saudiya iltimosi bilan bu qarorni so‘nggi pallada ortga surganini ma’lum qildi.

“Men bugun qaror qabul qilishga bir soat qolganida uni to‘xtatdim”, dedi Tramp 19-may kuni Oq uyda jurnalistlarga.

Urushni tugatish bo‘yicha bosim kuchaymoqda

Noyabr oyida bo‘lib o‘tadigan Kongress saylovlari oldidan energiya narxining keskin oshishi Trampning Respublikachilar partiyasiga zarar yetkazmoqda. Shu sababli Tramp urushni tugatish borasida bosim ostida qolgan. Aprel oyi oxiridagi otashkesimdan beri uning bayonotlari tez-tez o‘zgarib turibdi. U goh bombardimonni qayta boshlash bilan tahdid qilsa, goh tinchlik kelishuvi yaqinligini aytmoqda.

19-may kuni Tramp urush juda tez orada tugashini bildirdi. Aprel oyida tinchlik muzokaralarining yagona raundida AQSH delegatsiyasiga rahbarlik qilgan vitse-prezident Jey Di Vens ham siljish borligini ta’kidladi.

“Biz hozir ancha yaxshi holatdamiz”, dedi Vens Oq uydagi brifingda.

Mirzayeva Dilafroʻz Safar qizi. 1999-yilda Toshkent viloyatida tavallud topgan. Millati — oʻzbek. 2024-yilda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining Sinxron tarjima yoʻnalishi magistr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar