Daryo

Demokratlar Trampni prezidentlikdan chetlatishni talab qildi

Kongressning 70 dan ortiq a’zosi AQSH rahbarining Eronga qarshi urushini tanqid qildi, ulardan biri Trampni “muvozanatni yoʻqotgan telba” deb atadi.

2 daqiqa o‘qish5 712 ko‘rishlar0 izoh9

AQSH Kongressidagi oʻnlab demokratlar prezidenti Donald Trampni lavozimidan chetlatishga chaqirdi. Bunga AQSH rahbarining 7-aprel kungi bayonoti, jumladan, Eronning “butun bir sivilizatsiyasini” yo‘q qilish bilan tahdid qilgani sabab boʻldi. Bu haqda Axios xabar berdi.

70 dan ortiq qonunchi, jumladan, bir necha senator, impichment va Konstitutsiyaning 25-tuzatishini qo‘llash imkoniyatlarini muhokama qilmoqda. Mazkur tuzatish prezident o‘z vazifalarini bajara olmaydigan holatda uni hokimiyatdan chetlatishni nazarda tutadi.

Bunday chaqiriq bilan birinchilardan bo‘lib Kongress a’zosi Yassamin Ansari chiqdi. U “25-tuzatish bejizga kiritilmagan”ini aytib, Amerika harbiylari, Eron xalqi va global xavfsizlik tizimi xavf ostida ekanini ta’kidladi.

Kongressning yana bir a’zosi Ilhan Umar esa Trampni “muvozanatni yo‘qotgan telba” deb atab, uni zudlik bilan lavozimidan chetlatishga chaqirdi.

“Bunga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Konstitutsiyaga kiritilgan 25-tuzatishni qo‘llang. Impichment e’lon qiling. Lavozimidan chetlashtiring. Bu muvozanatsiz telbani mansabidan chetlatish kerak”, dedi u.

Trampning “butun bir sivilizatsiyani yo‘q qilish” bilan tahdid qilganidan so‘ng yana bir qator demokratlar ham bu talablarga qo‘shildi. Kongress a’zolari Mark Pokan, Rashida Tlaib, Diana DeGett, Shri Tanedar va Sidney Kamlager-Dav 25-tuzatishni qo‘llashga chaqirdi. Shu bilan birga, Ilhan Umar, Nikema Uilyams va Delia Ramires kabi qonunchilar hamda senator Ed Marki impichment tarafdori ekanini aytdi.

Kongress a’zosi Sara Makbrayd esa “Tramp ketishi kerak”ligini aytib, respublikachilarni “bu noqonuniy urushga chek qo‘yish uchun barcha konstitutsiyaviy vakolatlardan foydalanishga” chaqirdi.

Demokrat Set Magazinerga ko‘ra, prezident atrofidagilar “uning harakatlari tobora xavfli va oldindan aytib bo‘lmaydigan bo‘lib borayotganini anglab yetishi kerak”. Demokrat Betti Makkollum esa prezident mahkamasi “buni e’tiborga olishi lozim”ligini qo‘shimcha qildi.

Axios ma’lumotlariga ko‘ra, demokratlar impichment bo‘yicha ovoz berishdan tortib, Vazirlar mahkamasiga 25-tuzatishni qo‘llash talabi bilan murojaat qilishgacha bo‘lgan ehtimoliy choralarni muhokama qilmoqda. Ayni paytda bu masala hali partiya rahbariyati darajasiga chiqmagan.

Ma’lumot uchun, Eronga tahdidlardan soʻng Tramp Pokiston vositachiligida AQSH Eron bilan 12 kunlik otashkeskim sulhiga erishilganini aytdi. Tehron mazkur davr mobaynida Hormuz boʻgʻozidan kemalar harakatlanishiga toʻsqinlik qilmaydi.

AQSH va Eron sulhi ortidan 8-aprel kuni neft narxi tushdi. Londondagi ICE birjasida Brent neftining bir barreli narxi 94,8 dollargacha (o‘tgan kunga nisbatan -14,8 foiz) pasaydi. Amerikaning WTI neftining bir barreli esa 96,6 dollarga (-15,7 foiz) baholanmoqda.

Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar