AQSH qurolli kuchlari 7-aprel kuni erta tongda Eronning Xarg orolidagi harbiy nishonlarga 50 dan ortiq aviazarba berdi. Bu haqda ikki nafar amerikalik mulozimga tayanib, The Wall Street Journal xabar berdi.
Ta’kidlanishicha, zarbalarda neft infratuzilmalari nishonga olinmagan. Mazkur hujumlar prezident Donald Trampning Eron oldiga qo‘ygan 48 soatlik ultimatumi fonida yuz berdi. U eronliklardan Hormuz bo‘g‘ozini qayta ochishni talab qilib, agar bu amalga oshmasa mamlakatga “do‘zax yog‘dirish” bilan tahdid qilgan edi.
Tramp 7-aprel kuni Tehronga nisbatan tajovuzkor ritorikasini yanada kuchaytirib, agar mamlakat seshanba kuni soat 20:00 gacha (O‘zbeksiton vaqti bilan 8-aprel 05:00) uning talablarini bajarmasa, Eron sivilizatsiyasini butunlay yo‘q qilib tashlash bilan tahdid qildi.
“Bugun kechasi butun bir sivilizatsiya o‘ladi va hech qachon tiklanmaydi. Men bunday bo‘lishini xohlamayman, lekin, ehtimol, shunday bo‘ladi. Bugun kechqurun dunyoning uzoq va murakkab tarixidagi eng muhim lahzalardan biri bo‘ladi. 47 yillik tovlamachilik, korrupsiya va o‘lim nihoyat tugaydi. Xudo buyuk Eron xalqini yorlaqasin!”, deb yozdi Tramp o‘zining Truth Social’dagi sahifasida.
Tramp, shuningdek, Tehronning barcha elektr stansiyalari va ko‘priklariga zarba berishga tayyorligini bildirdi. Xalqaro huquqqa ko‘ra, fuqarolik infratuzilmasiga faqat u harbiy harakatlarga xizmat qilgan taqdirdagina va tinch aholi orasidagi talafotlar minimallashtirilishi sharti bilan zarba berishga ruxsat etiladi.
AQSH vitse-prezidenti Jey Di Vens mamlakat o‘zining Erondagi harbiy maqsadlariga erishganini va endi navbat Tehronga ekanini aytdi. Vens Budapeshtda Vengriya bosh vaziri Viktor Orban bilan o‘tkazilgan matbuot anjumanida Xarg orolidagi (mamlakatning asosiy neft eksport xabi) harbiy obyektlarga berilgan zarbalar AQSH strategiyasi o‘zgarganini anglatmasligini aytdi.
Vensning so‘zlariga ko‘ra, u urush vaziri Pit Xegset va Shtab boshliqlari birlashgan qo‘mitasi raisi general Den Keyn bilan maslahatlashgan:
“Xarg orolidagi ba’zi harbiy nishonlarga zarba berishimiz kerak edi va buni amalga oshirdik. Tramp ularga seshanba kuni soat 8 gacha vaqt bergan. Shunday ekan, Xarg oroliga hujum strategiya yoki prezident pozitsiyasi o‘zgarganini anglatmaydi”, dedi vitse-prezident.
U, shuningdek, nutqi davomida AQSH bisotida Eronga qarshi qo‘llanmagan vositalar mavjudligini va ulardan foydalanish Trampga va Tehronning o‘z fikrini o‘zgartirishiga bog‘liq ekanini aytdi.








