O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 29-mart kuni Saudiya Arabistoni valiahdi Muhammad bin Salmon al Saud bilan telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Suhbatda ikki davlat rahbari Yaqin Sharq mintaqasida kechayotgan keskin vaziyat, qarama-qarshiliklar tobora avj olayotgani tomonlarni jiddiy xavotirga solayotgani qayd etgan. Bunday xatti-harakatlarning kengayib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik va ularni to‘liq bartaraf etish nafaqat bu yerdagi davlatlarning manfaatlariga, balki global barqarorlikni ta’minlash maqsadlariga xizmat qilishi ta’kidlangan.
Shavkat Mirziyoyev bunday sinovli kunlarda O‘zbekiston Saudiya Arabistoni rahbariyati va birodar xalqi bilan birdam hamda yakdil ekanini qayd etib, podshohlikning vazmin va oqilona siyosatini har tomonlama qo‘llashini bildirgan.
“O‘zbekiston prezidenti hozirda ushbu mamlakatda Umra amallarini bajarayotgan fuqarolarimizga ko‘rsatilayotgan amaliy ko‘mak va yaratib berilayotgan qulay shart-sharoitlar uchun podshoh Salmon bin Abdulaziz al Saud a’lo hazratlari va valiahd shahzodaga alohida minnatdorlik izhor etdi”, deyiladi xabarda.
O‘z navbatida Muhammad bin Salmon al Saud O‘zbekiston prezidenti tomonidan bildirilgan samimiy xayrixohlik va do‘stona qo‘llab-quvvatlovni yuksak qadrlashini ma’lum qilgan. Ikki va ko‘p tomonlama munosabatlarni yangi bosqichga ko‘tarish uchun oliy darajadagi muloqotlarni va muvofiqlashtirilgan qo‘shma sa’y-harakatlarni faollashtirishga kelishib olingan.
Yaqin Sharqdagi urush
28-fevral kuni AQSH va Isroil harbiy raketalar bilan Eronga hujum qildi. Tehron va boshqa qator shaharlarda portlashlar kuzatildi. Keyin Eron javob zarbasi sifatida dastlab Isroilga, keyin Amerika harbiy bazalari joylashgan Qatar, BAA, Bahrayn, Iordaniyaga raketa zarbalari berishni boshlagan. Xususan, mart oyi boshida Saudiya Arabistonidagi neft zavodiga zarba berilgan. Urush hozir ham davom etmoqda.
Maʼlumotlarga koʻra, Eron hujumlardan koʻproq talafot koʻrmoqda. Mamlakatning qator yuqori martabali amaldorlari AQSH va Isroil hujumlari oqibatida halok boʻldi. Xususan, Eron oliy rahnamosi Ali Xomanaiy, mudofaa vaziri Aziz Nasirzoda, general-leytenant Abdulrahim Musaviy, mudofaa kengashi kotibi admiral Ali Shamxoniy, Islom inqilobi qoʻriqchilari korpusi qoʻmondoni general-leytenant Muhammad Pakpurlar halok boʻlgani tasdiqlangan. Erondagi qizlar boshlangʻich maktabiga berilgan raketa zarbalari sabab 148 nafar 7-12 yoshlar orasidagi qizlar qurbon boʻlgan.
Urush avj olgani sabab Yaqin Sharqdan 32 mingdan ortiq fuqaro O‘zbekistonga qaytarilgan. Jumladan, O‘zbekistonning Saudiya Arabistonidagi elchixonasi, Jidda shahridagi bosh konsulxonasi va Transport vazirligi bilan hamkorlikda charter reyslari orqali 2 735 nafar fuqaroning vatanga qaytishi ta’minlangan.








