Daryo

Yaqin Sharqdagi urushning 1-kuni: AQSH va Isroil Eronga hujum qildi, Tehron javob zarbalari berdi

Isroil va AQSH Eron bo‘ylab yuzlab harbiy obyektlarga zarba berdi, Tehron esa mintaqadagi Amerika bazalariga raketa hamda dron hujumlari bilan javob qaytardi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, ikki tomonda ham qurbonlar bor, Hormuz bo‘g‘ozi yopilishi mumkin.

4 daqiqa o‘qish22 257 ko‘rishlar0 izoh19

Eronga qarshi Amerika–Isroil operatsiyasi boshlanganiga 12 soat bo‘ldi. AQSH prezidenti Donald Tramp va Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu maqsad Eron rejimi tahdidini bartaraf etish ekanini ma’lum qildi.

Eron bo‘ylab harbiy obyektlar — Kirmonshoh, Hamadon va Tabrizdagi raketa bazalari, shuningdek Tehron va uning atrofidagi, Isfahon hamda Qumdagi raketa ishlab chiqarish va raketa qo‘mondonligi markazlari raketa va aviatsiya zarbalariga uchradi.

Norasmiy Isroil manbalari birinchi navbatdagi nishonlar orasida Eronning oliy rahbarlari — oliy yetakchi Oyatulloh Ali Xomanaiy, prezident Mas’ud Pezeshkiyon, Milliy xavfsizlik oliy kengashi kotibi Ali Larijoniy, Mudofaa kengashi rahbari Ali Shamxoniy, mudofaa vaziri Aziz Nosirzoda, Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi (IIMK) qo‘mondoni Muhammad Pakpur va boshqalar borligini ma’lum qildi. Ularning taqdiri haqida hozirgacha aniq ma’lumot yo‘q. Urush boshlanganidan beri Eronning yuqori martabali amaldorlaridan faqat tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi omma oldida ko‘rinish bergan.

Aslida, AQSH va Isroil rahbarlari operatsiya maqsadi Erondagi oyatullohlar tuzumini ag‘darish yoki hech bo‘lmaganda eronlik namoyishchilar uni ag‘darishi uchun sharoit yaratish ekanini bildirib o‘tgan.

Isroil harbiy-havo kuchlari uchun 2026-yil 28-fevraldagi operatsiya tarixdagi eng yirigi bo‘ldi. Unda qariyb 200 ta samolyot ishtirok etdi va 500 ga yaqin nishonga zarba berildi.

Eron esa o‘z navbatida Isroilga, shuningdek AQSHning Yaqin Sharqdagi muhim bazalari — Qatardagi Al-Udeyd, Kuvaytdagi Ali as-Salim, BAAdagi Al-Dafra hamda Bahrayndagi AQSH Beshinchi floti shtab-kvartirasiga raketalar uchirdi.

Eron raketalari yoki ularning parchalari BAAning Abu Dabi va Dubay shaharlariga qulagan. Saudiya Arabistoni ham hujumga uchradi: mamlakatning neft qazib olish markazi bo‘lgan Sharqiy hududida va poytaxt Ar Riyodda havo trevogasi e’lon qilindi. Bundan tashqari, Eron AQSHning Fors ko‘rfazidagi boshqa ittifoqchilariga — xususan, Kuvayt, Qatar, Bahrayn va BAA aeroportlariga uzoq masofali “Shahed” kamikadze dronlari bilan zarba berdi.

Bahrayn poytaxti Manamadagi uyda Eron uchuvchisiz samolyoti kelib urilganidan keyin yong‘in sodir bo‘ldi
Foto: Hamad I Mohammed / Reuters / Scanpix / LETA

Eronning bir nechta zarbasi nishonga aniq yetib borgan. Tasdiqlanmagan ma’lumotlarga ko‘ra, Al-Udeyddagi bazada radar vayron bo‘lgan, Bahrayndagi bazada esa yong‘in yuzaga kelgan.

Ma’lum qilinishicha, Abu-Dabida bir kishi, Suriyaning Suvayda shahrida esa yana to‘rt kishi halok bo‘lgan. U yerda Isroilga qarab uchgan Eron raketasining parchalari qulagan.

Dubayda Eron raketasi qulagan hudud tasviri
Foto: Altaf Qadri / AP / Scanpix / LETA

Isroil axborot agentliklari Oyatulloh Ali Xomanaiy o‘ldirilganini da’vo qildi. Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi mamlakat oliy rahnamosi hamda prezident Mas’ud Pezeshkiyonning salomatligi haqidagi savolga javob berib, ular tirikligini aytdi.

Eron Qizil yarim oyligi dastlabki ma’lumotlariga ko‘ra, AQSH va Isroil zarbalari oqibatida 200 dan ortiq odam halok bo‘lgan, 700 dan ziyodi yaralangan.

Eron axborot agentliklari xabar berishicha, mamlakat janubidagi Xurmozgan viloyati Minab shahridagi qizlar uchun boshlang‘ich maktab zarbaga uchragan. Mahalliy prokuratura ma’lumotiga ko‘ra, kamida 85 kishi halok bo‘lgan, biroq ularning nechasi o‘quvchi ekani aniqlashtirilmagan. Bu ma’lumotlar mustaqil manbalar tomonidan tasdiqlanmagan. Ehtimol, zarba Minabdagi IIMK bazasiga qaratilgan bo‘lgan.

Minab shahridagi maktabga zarba berilgan hudud tasviri
Foto: Ali Najafi / ISNA / AFP / Scanpix / LETA

O‘zbekistonning Isroildagi elchixonasi bir kunda vatandoshlarga murojaat bilan chiqdi. Qayd etilishicha, qizil ogohlantirish — xavf borligini bildiradi va zudlik bilan boshpanaga kirish zarur, ko‘k ogohlantirish esa xavf o‘tganini va himoyalangan joyni tark etish mumkinligini anglatadi. “Har qanday holatda ham, rasmiy organlarning ko‘rsatmalariga rioya qiling va yaqin atrofdagi boshpana joylari haqida avvaldan ma’lumotga ega bo‘ling”, deyiladi axborotda.

Shuningdek, mamlakatning Erondagi elchixonasi vatandoshlarni xavfsizlik choralariga qat’iy amal qilishga, rasmiy axborotlarni kuzatib borishga chaqirdi. Bundan tashqari, fuqarolarga shaxsni tasdiqlovchi hujjatlar va elchixonaning aloqa ma’lumotlarini doimo o‘zlari bilan olib yurish tavsiya etilgan. Shoshilinch holatlarda fuqarolar Tehron shahridagi elchixonaga murojaat qilishi mumkin.

Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligi Yaqin Sharqdagi vaziyat yuzasidan tomonlarni harbiy qadamlardan tiyilishga chaqirdi. Vazirlik holat keskinlashayotganidan jiddiy xavotir bildirgan. “Vujudga kelgan inqirozni xalqaro huquq normalari asosida, siyosiy-diplomatik vositalar orqali va oʻzaro muloqot yoʻli bilan hal etish maqsadga muvofiq”, deyiladi TIV xabarida.

Foto: “Daryo” / Muhsinbek Islombekov

Kechga yaqin Eron Fors ko‘rfazidan Hind okeaniga chiqish yo‘li bo‘lgan, jahon neft tranzitining qariyb chorak qismi o‘tadigan Hormuz bo‘g‘ozini yopayotganini e’lon qildi. Islom respublikasi uni qanday to‘smoqchi ekani hozircha noma’lum: uning floti asosan kichik katerlardan iborat, AQSH esa zarurat tug‘ilganda bo‘g‘ozga yirik harbiy kemalarni kiritishi mumkin. Nazariy jihatdan Eron o‘tayotgan tankerlarga dronlar bilan hujum qilishi yoki bo‘g‘ozni minalashtirishi mumkin, ammo bu borada hozircha aniq ma’lumot yo‘q.

Navoiydanman. Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining Internet jurnalistika yoʻnalishini tamomlaganman. “Daryo”da 2026-yildan buyon Mahalliy xabarlar boʻlimida muharrir sifatida faoliyat yuritib, yangiliklar va jamlanmalar yozaman. Zemekisning “Forrest Gamp” filmini 20 martadan koʻproq tomosha qilganman. Kafkaning “Qalʼa” romanini qayta-qayta oʻqiyman.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar