Daryo

Shavkat Mirziyoyev Vladimir Putin bilan Yaqin Sharq va Ukrainadagi vaziyatni muhokama qildi

Suhbat davomida savdo hajmi oshgani va hamkorlik kengayayotgani qayd etildi. Shuningdek, O‘zbekistonda AES qurilishi loyihasiga alohida e’tibor qaratildi.

1 daqiqa o‘qish4 333 ko‘rishlar0 izoh3

Shavkat Mirziyoyev 24-mart kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, Oʻzbekiston—Rossiya keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarining oliy darajadagi kelishuvlarni amalga oshirish doirasida yanada rivojlantirish va mustahkamlashning dolzarb masalalari koʻrib chiqildi.

Savdo-iqtisodiy hamkorlik jadal rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Oʻtgan yil yakunlariga koʻra, tovar ayirboshlash hajmi 10 foizga oʻsib, 13 milliard dollarga yetdi, joriy yil boshidan esa yana 32 foizga koʻpaydi.

Sanoat, energetika, transport va iqtisodiyotning boshqa ustuvor tarmoqlarida yirik kooperatsiya loyihalarini amalga oshirish davom etmoqda. Oʻzbekistonda birinchi atom elektr stansiyasini qurish loyihasini ilgari surishga alohida eʼtibor qaratildi. Iqtisodiy hamkorlik boʻyicha hukumatlararo qoʻshma komissiyaning samarali faoliyatiga yuksak baho berildi.

Tomonlar kooperatsiyaning yangi shakl va loyihalarini ilgari surish uchun samarali maydonga aylangan “INNOPROM Markaziy Osiyo” xalqaro sanoat koʻrgazmasining navbatdagisini joriy yil aprel oyida Toshkent shahrida oʻtkazishga faol tayyorgarlik koʻrayotgani taʼkidlandi.

Xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar, shu jumladan, Yaqin Sharq, Janubiy Osiyo va Ukrainadagi vaziyat yuzasidan fikr almashildi. Boʻlajak tadbirlar rejasi ham muhokama qilindi.

Prezidentlar so‘nggi marta 2025-yil 30-dekabr kuni telefon orqali muloqot qilib, unda Rossiya hududidagi qarorgohga uyushtirilgan hujumga urinish qoralangan hamda bu kabi holatlar barqarorlik va xavfsizlikka tahdid ekani ta’kidlangandi. Suhbat davomida ikki tomonlama strategik sheriklikni rivojlantirish, shuningdek, xalqaro va mintaqaviy masalalar yuzasidan fikr almashilib, tomonlar bir-birini yangi yil bilan qutlagan.

Eslatib o‘tamiz, 24-mart, seshanba kuni Jizzax viloyati Forish tumanida barpo etilayotgan atom elektr stansiyasi qurilish maydonida dastlabki beton ishlari rasman boshlandi. Toshkent shahri va qurilish hududida o‘tkazilgan tantanali tadbirlar doirasida strategik hujjatlar imzolanib, loyiha amaliy bosqichga o‘tgani qayd etildi.

Navoiydanman. Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining Internet jurnalistika yoʻnalishini tamomlaganman. “Daryo”da 2026-yildan buyon Mahalliy xabarlar boʻlimida muharrir sifatida faoliyat yuritib, yangiliklar va jamlanmalar yozaman. Zemekisning “Forrest Gamp” filmini 20 martadan koʻproq tomosha qilganman. Kafkaning “Qalʼa” romanini qayta-qayta oʻqiyman.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar