Daryo

Eron Ukrainaga hujum qilish bilan tahdid qildi

Isroilni qoʻllab-quvvatlagani uchun Ukraina “qonuniy nishon” deb ataldi. Netanyaxu kelasi hafta Zelenskiy bilan dronlarni tutib oluvchi qurilamalar boʻyicha muzokara oʻtkazadi.

1 daqiqa o‘qish6 268 ko‘rishlar0 izoh6

Eron parlamentining milliy xavfsizlik qo‘mitasi rahbari Ibrohim Azizi Ukraina mamlakatning “qonuniy nishoni”ga aylanganini aytdi. U bu haqda oʻzining X ijtimoiy tarmogʻidagi sahifasida yozdi.

“Isroil rejimini dronlar yordamida qo‘llab-quvvatlayotgan Ukraina amalda urushga aralashib qoldi va BMT Nizomining 51-moddasiga ko‘ra, o‘zining butun hududini Eron uchun qonuniy nishonga aylantirdi”, dedi Azizi.

Rossiya, oʻz navbatida, Ukrainaga qarshi urushda Eronning Shahed dronlaridan keng foydalanib kelmoqda. Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy ukrainalik harbiylarning bunday dronlarni urib tushirishdagi tajribasiga tayanib, Yaqin Sharq davlatlari va AQSHga harbiy-texnik yordam taklif qilgan.

“Men shunchaki Eron 2022-yilda Rossiyaga Shahedlar berganini va ruslarni ukrainaliklarni o‘ldirishga o‘rgatganini eslatib o‘tmoqchiman”, deya Eron rasmiysiga javob qaytardi Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi huzuridagi Dezinformatsiyaga qarshi kurash markazi rahbari Andrey Kovalenko.

Diplomatik ziddiyat 13-mart kuni Ukraina prezidentining Parijda quvg‘indagi Eron valiahd shahzodasi Rizo Pahlaviy bilan uchrashishi ortidan yanada chuqurlashdi. Oradan ikki kun o‘tib, 15-mart kuni Zelenskiy Rossiya va Eron o‘rtasidagi harbiy hamkorlikning yangi tafsilotlarini ochiqladi.

“Ular Eron litsenziyalaridan foydalangan holda juda ko‘p miqdorda dronlar ishlab chiqaradi. Keyin esa ularni topshiradi. Menda Eron rejimi ushbu dronlarni Amerika bazalariga hamda mintaqadagi qo‘shni davlatlarga qarshi qo‘llagani haqida 100 foizlik dalillar bor”, dedi Ukraina rahbari.

Yaqin Sharqdagi vaziyat fonida Isroil ham Ukrainaning tajribasiga qiziqish bildirmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu Zelenskiy bilan Ukrainaning dronlarni urib tushiruvchi qurilmalari bo‘yicha muzokara o‘tkazishni so‘ragan. Mazkur uchrashuv kelasi haftaning boshida bo‘lib o‘tishi kutilmoqda.

Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar