2027-yilga kelib Ukrainada 10 ming kilometrgacha masofani bosib o‘ta oladigan dronlar bo‘ladi. Bu haqda Ukraina prezident Vladimir Zelenskiy Lora Lumerga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Amerikalik jurnalist deyarli 44 daqiqalik suhbat videosini X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida e’lon qildi.
“Bu juda muhim. Hozir ruslarda ham, bizda ham uch ming kilometrdan ziyod masofaga ucha oladigan dronlar bor. Yil oxiriga borib to‘rt ming kilometr masofaga yetadigan dronlarga ega bo‘lamiz. Kelasi yili esa — 5-10 ming kilometr masofaga”, dedi Ukraina rahbari.
Lumerga bergan intervyusida Ukraina prezidenti o‘z mamlakati AQSH bilan uchuvchisiz uchish apparatlarini ishlab chiqarish bo‘yicha kelishuv tuzmoqchi ekanini ham ta’kidlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Kiyev sinov uchun Vashingtonga dengiz, havo va uzoq masofaga mo‘ljallangan dronlarni topshirgan. Zelenskiy Ukraina va AQSH o‘rtasida dronlar bo‘yicha kelishuvlarning birinchi bosqichi allaqachon amalga oshirilgani, keyingi qadam haqidagi hujjat esa deyarli tayyor ekanini qayd etgan.
Shuningdek, u Ukraina AQSHda dron ishlab chiqarish zavodini qurishni rejalashtirayotganini qo‘shimcha qilgan.
“Biz ishlab chiqarish liniyalarini yaratmoqchimiz, chunki dronlar omborlarda shunchaki yota olmaydi. Bu artilleriya ham, raketa ham emas. Dronlar jang maydonida har olti oyda, ba’zan esa har uch oyda o‘zgarib turadi”, dedi Zelenskiy.
So‘nggi oylarda Ukraina Qurolli Kuchlari dronlarining Rossiya hududidagi neftni qayta ishlash zavodlari va yoqilg‘i-energetika majmuasi obyektlariga hujumlari tezlashishi mamlakatda yoqilg‘i inqiroziga olib keldi. Shuningdek, Rossiyaning eng yirik marketpleyslaridan biri bo‘lgan Wildberries’ning yirik saralash markazlariga berilgan zarbalar oqibatida ham jiddiy talafot yetkazildi.








