Rossiya qurolli kuchlari 23-dekabrga o‘tar kechasi Ukraina bo‘ylab 650 dan ortiq dron va 30 ta raketa yordamida yoppasiga hujum uyushtirdi. Bu haqda mamlakat prezidenti Vladimir Zelenskiy o‘zining Telegram sahifasida ma’lum qildi.
Ta’kidlanishicha, ruslar jami 13 ta viloyatga hujum uyushtirgan, oqibatda kamida uch kishi halok bo‘lgan. Qurbonlar orasida Jitomir viloyatida vafot etgan to‘rt yoshli bola ham bor.
“Putin hali ham odamlarni o‘ldirishni to‘xtatish kerakligini qabul qila olmayapti. Bu esa dunyo Rossiyaga yetarlicha bosim o‘tkazmayotganini anglatadi”, dedi Zelenskiy.
Ukraina prezidenti 22-dekabr kuni Rossiya aynan Rojdestvo kunlarida — 23, 24 va 25-dekabr sanalarida mamlakatga yirik zarbalar berishi mumkinligidan ogohlantirgan edi. Ushbu hujum Kiyevda bir necha haftalik nisbatan osoyishtalikni buzdi.
Energetika tizimidagi og‘ir vaziyat
Havo harorati Selsiy bo‘yicha 0 darajani qayd etayotgan bir paytda, “Ukrenergo” operatori bir qancha hududlarda favqulodda elektr uzilishlari qayd etilganini ma’lum qilmoqda.
“Rossiyaning asosiy maqsadi mamlakatdagi muhim infratuzilma obyektlaridir. Ko‘p joylarda chiroq kuniga o‘rtacha faqat 6 soat berilmoqda. Odessa viloyati ushbu hujumdan so‘ng bir necha kunlab elektrsiz qolishi mumkin”, dedi Ukraina parlamenti Tashqi siyosat qo‘mitasi raisi Aleksandr Merejko.
Merejko bu kabi yirik hujumlarni Putinning tinchlik muzokaralariga tayyor emasligi haqidagi aniq signal deb baholadi.
“Bu hujumlar Putinning o‘t ochishni to‘xtatish va aniq natijali muzokaralar o‘tkazish niyati yo‘qligidan dalolat beradi”, deya qo‘shimcha qildi deputat.








