Dunyoning 11 ta davlati, jumladan, Eron bilan qo‘shni mamlakatlar, Yevropa davlatlari va AQSH Ukrainadan Shahed tipidagi dronlarga qarshi kurashda yordam berishni so‘radi. Bu haqda Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyning 9-mart kungi bayonotiga tayanib Euronews xabar berdi.
Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, hamkorlarda Ukrainaning hayotni saqlab qolish borasidagi tajribasi, tegishli tutuvchi vositalar, radioelektron kurash (REK) tizimlari va mutaxassislarni tayyorlash masalalariga qiziqish bor.
“Hozirda Eron qo‘shnilari, Yevropa davlatlari va AQSHdan jami 11 ta so‘rov kelib tushgan. Biz Shahed dronlari va shunga o‘xshash boshqa xatarlarga qarshi xavfsizlik yordami ko‘rsatish bo‘yicha barcha murojaatlarni batafsil ko‘rib chiqdik”, dedi Ukraina yetakchisi.
Prezidentning ta’kidlashicha, Ukraina yordam berishga tayyor, biroq bu faqat Ukraina mustaqilligi va ukrainaliklar hayotini himoya qilishda Kiyevga ko‘maklashayotgan davlatlarga tegishli bo‘ladi. Ayrim so‘rovlar bo‘yicha allaqachon aniq qarorlar qabul qilingan.
Zelenskiy Ukraina allaqachon o‘zining tutuvchi dronlari va mutaxassislar guruhini AQSHning Iordaniyadagi harbiy bazalarini himoya qilish uchun yuborganini tasdiqladi. Vashingtonning o‘tgan 5-mart kungi rasmiy so‘roviga Ukraina zudlik bilan rozilik bergan va ertasi kuniyoq guruhni jo‘natgan.
Ukraina tomoni Rossiya va Eron rejimlari bir-birini qo‘llab-quvvatlayotgani, hatto Eronning qo‘shnilariga zarba berayotgan dronlarda Rossiyada ishlab chiqarilgan komponentlar topilayotgani haqida ma’lumotlarga ega. Zelenskiyning aytishicha, har bir Shahed ishlab chiqarish obyekti Kiyevga ma’lum va ularni yo‘q qilish bo‘yicha qo‘shma harakatlar zarur.
Urushni o‘rganish instituti tahlilchilariga ko‘ra, AQSH va Isroilning Erondagi raketa hamda dron zavodlariga berayotgan zarbalari Ukraina uzoq vaqtdan beri Rossiyaga nisbatan amalga oshirishni istagan strategiyadir. Biroq Vashington Kiyevning Tomahawk raketalarini yetkazib berish bo‘yicha 2025-yil kuzidagi so‘rovini rad etgan.
Ekspertlarning aytishicha, agar Ukrainada hatto oz miqdorda Tomahawk raketalari bo‘lganida, Rossiya ichkarisidagi yirik raketa va dron omborlarini yo‘q qilish, shu orqali Ukrainaning energetika tizimiga qilinayotgan qishki hujumlarning oldini olish mumkin edi.
Hozirda Kiyev faqatgina o‘zining uzoq masofali dronlariga tayanmoqda, biroq ularning jangovar quvvati yirik va mustahkamlangan obyektlarni yo‘q qilish uchun yetarli emas.








