Rossiya 2022-yil fevralida boshlagan keng ko‘lamli bosqindan beri mart oyida Ukrainaga eng ko‘p miqdorda dron uchirdi. Tinchlik muzokaralari to‘xtab qolgan bir paytda, halokatli zarbalar yanada shiddatli tus oldi. Bu haqda 2-aprel kuni e’lon qilingan AFP tahliliga tayanib Euronews xabar berdi.
Ukraina Harbiy-havo kuchlarining kundalik hisobotlariga tayangan holda o‘tkazilgan tahlilga ko‘ra, mart oyida Rossiya Ukraina hududiga kamida 6 462 ta uzoq masofaga uchuvchi dron uchirgan. Bu fevral oyiga nisbatan qariyb 28 foizga ko‘p demakdir.
Shu bilan birga, raketa zarbalari soni kamaygan: o‘tgan oyda 138 ta raketa uchirilgan bo‘lib, bu fevraldagiga nisbatan 52 foizga kamdir. Ukraina havo mudofaa tizimlari ularning qariyb 90 foizini urib tushirgan. Bu 2025-yil fevral oyidan buyon qayd etilgan eng yuqori ko‘rsatkichdir.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 24-mart kuni amalga oshirilgan kamdan kam uchraydigan kunduzgi hujum oqibatida Ukrainaning g‘arbiy qismidagi, YUNESKO himoyasidagi Lvov shahriga zarar yetgan.
Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urushni to‘xtatishga qaratilgan AQSH boshchiligidagi muzokaralar mart oyida to‘xtab qoldi. Bunga Vashington asosiy e’tiborini Eron bilan bo‘layotgan urushga qaratgani sabab bo‘ldi.
Rossiya dron ishlab chiqarishni sanoat miqyosiga ko‘targan bir paytda, Ukraina bunga javoban arzon tutib oluvchi dronlarni (interseptor) keng qo‘llash orqali o‘z havo mudofaasini kuchaytirmoqda.
Ukraina va arab davlatlari o‘rtasidagi harbiy hamkorlik
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyning Saudiya Arabistoni, BAA, Qatar va Iordaniyaga amalga oshirgan safari yakunlari bo‘yicha muhim kelishuvlarga erishildi. Ukraina Fors ko‘rfazi davlatlariga Eron dronlari hujumiga qarshi turish uchun o‘zining to‘liq havo mudofaa tizimini, jumladan, dengiz dronlari, elektron harbiy vositalar va tutib olish texnologiyalarini yetkazib berishga rozi bo‘ldi.
“Gap nafaqat tutuvchi qurilmalar, balki mudofaa liniyalari, dasturiy ta’minot va elektron kurash tizimlari haqida bormoqda. Biz bu masalaga tizimli yondashyapmiz”, dedi Zelenskiy jurnalistlar bilan muloqotda.
Prezident, shuningdek, Ukraina dengiz dronlari bo‘yicha Saudiya Arabistoni, BAA va Qatar bilan kelishuvlar imzolaganini tasdiqladi.
Ukrainaning dengiz dronlari floti, xususan, Magura-V5 apparatlari Qora dengizda Rossiya harbiy kemalari va obyektlariga og‘ir talafotlar yetkazishda o‘zining yuqori samaradorligini isbotladi. Zelenskiy Ukrainaning ushbu tajribasini, ayniqsa, dengiz savdo yo‘llarini blokadadan chiqarish borasidagi mahoratini hamkorlar bilan bo‘lishishga tayyorligini bildirdi.








