Daryo

“Isroil Eronga qarshi yolg‘iz qolishi mumkin” — Tramp Netanyaxuni ogohlantirdi

Trampning so‘zlariga ko‘ra, AQSH va Eron o‘rtasidagi muzokaralarda vositachilik qilayotgan besh davlat undan Netanyaxuga bosim o‘tkazishni so‘ragan.

1 daqiqa o‘qish6 730 ko‘rishlar0 izoh3

AQSH prezidenti Donald Tramp Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyaxuni Eronga nisbatan harakatlarda ehtiyotkor bo‘lishga chaqirdi. Uning ta’kidlashicha, agar vaziyat keskinlashsa, Isroil AQSH yordamisiz qolishi mumkin. Tramp bu haqda Isroilning N12 telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.

“Bibi, harakatlaringda juda ehtiyot bo‘lishing kerak, chunki yaqin orada Eronga qarshi yolg‘iz qolib ketishing mumkin’”, degan AQSH prezidenti.

Trampning so‘zlariga ko‘ra, AQSH va Eron o‘rtasidagi muzokaralarda vositachilik qilayotgan besh davlat undan Netanyaxuga bosim o‘tkazishni so‘ragan.

“Ular Isroil hujumlarini to‘xtatish uchun bizdan Tel Avivga ta’sir o‘tkazishni so‘radi. Men Bibiga qo‘ng‘iroq qildim va uni bunga majbur qildim”, degan Tramp.

AQSH prezidenti, shuningdek, aynan Eron tomoni birinchi bo‘lib Isroilga hujum qilmaslikka va’da berganini aytdi.

“Isroil bizga yangilangan ma’lumotlarni juda kech yetkazdi. Ular allaqachon hujumga o‘tgandi. Men hujum ko‘lamini qisqartirishga erishdim”, degan Tramp.

Uning ta’kidlashicha, Vashington hamon Tehron bilan kelishuvga erishish tarafdori bo‘lib qolmoqda va Eron ham bunday bitimni imzolashdan manfaatdor.

7-iyun kuni kechqurun Eron Isroilga raketa zarbalari berdi. Bu hujum Isroil armiyasining Livan poytaxti Bayrut chekkasidagi “Hizbulloh” infratuzilmasiga uyushtirgan zarbasidan ko‘p o‘tmay sodir bo‘ldi. Isroil harbiylari raketalarning bir qismi tutib qolinganini va javob zarbalari berilganini ma’lum qilgan.

2-iyun kuni Tramp Eron bilan o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga “kelgusi hafta ichida” erishish mumkinligini bildirgan edi. O‘sha kuni Eronning Tasnim agentligi Tehron Isroilning Livandagi harakatlariga norozilik sifatida vositachilar orqali olib borilayotgan muzokaralarni to‘xtatganini xabar qilgan.

4-iyun kuni esa Isroil va Livan AQSH vositachiligida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishgan edi.

8-iyun tongida Tramp Netanyaxuga ikki marta qo‘ng‘iroq qilgan. Shundan so‘ng Isroil Eron hududiga zarbalarni to‘xtatgan, biroq Livandagi amaliyotlarini davom ettirishini bildirgan.

Toshkent tumanida tug‘ilganman. Chirchiq davlat pedagogika universitetida ta'lim olganman. 2024-yil oktyabr oyidan buyon “Daryo”da muxbir lavozimida ishlayman. Asosan tahliliy maqolalar tayyorlash va intervyular bilan shug‘ullanaman. Sevimli filmlarim: “Forrest Gamp”, “Uzuklar hukmdori”, “Anna”, “Shoushenkdan qochish” Sevimli kitoblarim: “O‘tkan kunlar”, “Anna Karenina”, “Tirilish”, “Buyuk shaxmat taxtasi”, “Graf Monta Kristo”.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar