Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu 9-aprel kuni hukumatga Livan bilan tinchlik muzokaralarini boshlash bo‘yicha ko‘rsatma berganini ma’lum qildi. Muzokaralar kun tartibidan “Hizbulloh” guruhini qurolsizlantirish masalasi ham o‘rin oladi. Bu haqda Reuters xabar berdi.
“Livanning Isroil bilan bevosita muzokaralar o‘tkazish bo‘yicha takroriy so‘rovlarini inobatga olib, kecha Vazirlar mahkamasiga Livan bilan imkon qadar tezroq to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqotni boshlash bo‘yicha topshiriq berdim. Muzokaralar ‘Hizbulloh’ni qurolsizlantirish hamda Isroil va Livan o‘rtasida tinchlik munosabatlarini o‘rnatishga qaratiladi”, deyiladi Netanyaxu bayonotida.
Hozircha Livan hukumati Isroil bosh vazirining ushbu chiqishiga rasmiy munosabat bildirmadi. E’tiborli jihati, Netanyaxuning bayonotidan bir soat avval Livan prezidenti Jozef Aun ham vaziyat yuzasidan o‘z fikrlarini bildirgan edi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Livandagi vaziyatning yagona yechimi Isroil va Livan o‘rtasida o‘t ochishni to‘xtatishga erishish hamda shundan so‘ng o‘zaro muzokaralarni boshlashdir. Prezident bu borada diplomatik yo‘nalishda ish olib borayotganini va bu harakatlar xalqaro ishtirokchilar tomonidan ijobiy baholana boshlaganini ta’kidladi.
Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan “Hizbulloh” guruhi 2-martdan boshlab Erondagi urushga qo‘shildi, shundan so‘ng Tel Aviv guruhga qarshi hujum boshladi. Livan rasmiylari ma’lumotlariga ko‘ra, Isroil zarbalari oqibatida mamlakatda shu vaqtgacha 1 700 ga yaqin kishi halok bo‘lgan, bir milliondan ortiq aholi o‘z uy-joyini tashlab ketishga majbur bo‘lgan.
Guruhga yaqin manbalarning xabar berishicha, Isroilga yuzlab raketa va dronlar uchirgan “Hizbulloh”ning kamida 400 nafar jangarisi yo‘q qilingan.
Ayni paytda AQSH va Eron o‘rtasida erishilgan ikki haftalik o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi Livanga taalluqli yoki taalluqli emasligi borasida tushunmovchiliklar bor. Vashington va Tel Aviv sulhga Livan kiritilmaganini ta’kidlasa, Eron kelishuv Bayrutni ham qamrab olishini da’vo qilmoqda. Jumladan, Eron prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon livanliklarni yolg‘iz tashlab qo‘ymasligini bildirdi.
Muzokaralardan xabardor bo‘lgan pokistonlik manbaning so‘zlariga ko‘ra, Islomobod hozirda Livan va Yaman uchun ham o‘t ochishni to‘xtatish rejasi ustida ishlamoqda.








