Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu AQSH prezidenti Donald Trump bilan Eron urushini yakunlash bo‘yicha tayyorlanayotgan kelishuv yuzasidan kelishmovchiliklarni muhokama qilish uchun shoshilinch uchrashuv tashkil etishga urinmoqda. Bu haqda The Wall Street Journal vaziyatdan xabardor manbaga tayanib xabar berdi.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, 19-iyun kuni imzolanishi kutilayotgan kelishuv Isroil rahbariyatida jiddiy xavotir uyg‘otgan. Mamlakat rasmiylari Tehronga bosimning yumshashi hamda “Hizbulloh” bilan urush fonida Vashington bilan munosabatlarning yomonlashishi Isroil uchun og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkinligidan xavotirda.
Vaziyat Isroilning Bayrutga bergan javob zarbasidan so‘ng yanada keskinlashdi. Tramp Isroil armiyasi (SAXAL) harakatlarini tanqid qilib, Livanga hujumlarni to‘xtatishni talab qildi. AQSH prezidenti bu zarbalar iyun oyi boshida erishilgan o‘t ochishni to‘xtatish kelishuviga zid ekanini ta’kidlagan.
Dushanba kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida Netanyaxu bitimni ochiq tanqid qilishdan tiyildi va Eron bo‘yicha harbiy maqsadlar amalga oshirilganini aytdi.
“Odamlar nimaga erishganimizni so‘rashmoqda. Javob shuki, biz yo‘q qilinish xavfini ortga surdik”, dedi Isroil bosh vaziri.
Biroq WSJ manbalariga ko‘ra, Isroil rasmiylari Tramp Tehronga moliyaviy yengilliklar beradigan va Erondan to‘plangan boyitilgan uranni topshirishni talab qilmaydigan kelishuvga rozi bo‘lganidan xavotirda.
Netanyaxu ichki bosimga ham duch kelmoqda
Nashrning yozishicha, Netanyaxu mamlakat ichida ham tobora ko‘proq tanqid ostida qolmoqda. AQSHdagi sobiq Isroil elchisi Maykl Orenning WSJ’ga aytishicha, agar Eron sanksiyalardan yengillik olsa, u o‘z harbiy salohiyatini qayta tiklaydi.
“Bu Vashington nufuzi uchun ulkan, hatto qaytarib bo‘lmaydigan zarba bo‘lishi mumkin”, dedi u.
Isroil Milliy xavfsizlik kengashi rahbarining sobiq o‘rinbosari Chak Freylix esa Netanyaxuning Tramp bilan qarama-qarshiligi ichki siyosiy bosim bilan bog‘liqligini aytdi.
“U sof siyosiy o‘yin o‘ynamoqda. Bibi faqat o‘zi haqida o‘ylaydi. Tramp bilan mojaro qilish — Isroil uchun eng oxirgi qilinishi kerak bo‘lgan ish”, dedi Freylix.
Avvalroq Isroilning Ynet portali manbalarga tayanib, Netanyaxu 15-iyun kuni Vashington va Tehron o‘rtasida kelishuv imzolanganidan so‘ng ham Isroil Livandagi harbiy amaliyotlarni to‘xtatmasligini Trampga ma’lum qilgani haqida yozgandi.
The New York Times ma’lumotiga ko‘ra, Isroilda ko‘pchilik mazkur kelishuv mamlakat Eron bilan mojarolar boshida ko‘zlagan maqsadlarga mos kelmaydi, deb hisoblamoqda. Bundan tashqari, Isroil hozirda tinchlik jarayonidan chetda qolgan va muzokaralarda ishtirok etmayapti.
AQSH va Eron o‘rtasidagi anglashuv memorandumi loyihasida barcha frontlarda, jumladan, Livanda urushni to‘liq to‘xtatish sharti ham mavjud. Tehron esa Isroil Livanga yangi hujumlar uyushtirsa, “yanada kuchli va pushaymon qiluvchi zarbalar” berilishi haqida ogohlantirgan.
Avvalroq, Isroil milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvir o‘zining X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasiga post joylab, Isroil AQSHga bo‘ysunmasligini, mamlakat mustaqil va suveren davlat ekanini aytgandi.








