21-iyun kuni e’lon qilingan ijtimoiy so‘rovnoma natijalariga ko‘ra, aksariyat isroilliklar Yaqin Sharqdagi urush va undan keyin AQSH bilan tuzilgan kelishuvda Eron kuchliroq bo‘lib chiqdi deb hisoblaydi. Bu haqda Daily Sabah xabar berdi.
So‘rovnoma 17–20-iyun kunlari Quddus Ibroniy universiteti va Agam instituti hamkorligida o‘tkazildi. Unda 3644 nafar respondent qatnashdi. So‘rovnoma natijalari AQSH—Eron kelishuvidan keyin jamoatchilik kayfiyatini yaqqol ko‘rsatib berdi.
So‘rovda qatnashganlarning 92,1 foizi mojaroda Eron g‘alaba qozondi yoki ko‘proq foyda ko‘rdi, deb javob bergan. Shuningdek, 82,9 foiz isroillik mamlakatning uzoq muddatli xavfsizligi zaiflashganini bildirgan.
Tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, hatto bosh vazir Binyamin Netanyaxuning saylovoldi bazasi bo‘lgan o‘ng qanot bloki saylovchilari orasida ham 93,1 foiz odam Eronni g‘olib deb hisoblamoqda.
AQSH—Eron kelishuviga qarshilik ko‘rsatuvchilar juda ko‘pchilikni tashkil qildi. So‘rovda qatnashganlarning 63,2 foizi ushbu bitimga qarshi chiqqan bo‘lsa, uni atigi 12,1 foiz odam qo‘llab-quvvatlagan. Bu natijalar Isroil rahbariyatiga nisbatan ishonch pasayganini ko‘rsatmoqda.
So‘rovda qatnashganlarning deyarli to‘rtdan uch qismi, ya’ni 72,5 foizi Netanyaxuning harbiy kampaniya yutuqlari haqidagi bayonotlariga ishonmasligini aytgan. Respondentlarning 56,4 foizi uning ushbu kampaniyani boshqarishini muvaffaqiyatsiz yoki yomon deb baholagan.
So‘rovnoma Netanyaxu uchun siyosiy yo‘qotishlarni ham ko‘rsatdi. Uni bosh vazir sifatida qo‘llab-quvvatlash darajasi mart oyi boshidagi 40,5 foizdan iyun oyida 29,4 foizga tushib ketgan. Shunga qaramay, Livandagi “Hizbulloh” guruhiga qarshi harbiy harakatlarni davom ettirish g‘oyasi hamon qo‘llab-quvvatlanmoqda.
So‘rovda qatnashganlarning deyarli yarmi, ya’ni 48,2 foizi Vashington bilan munosabatlar yomonlashishi xavfi bo‘lsa ham, Livanda “Hizbulloh”ga qarshi keng ko‘lamli harbiy harakatlarni qayta boshlash tarafdori ekanini aytgan. Faqatgina 21 foiz odam bunga qarshi chiqqan.
Livandagi mojaro muzokaralarga tahdid solayotganiga qaramay, 21-iyun kuni Shveysariyada Eron va AQSH o‘rtasidagi vaqtinchalik kelishuvni doimiy shartnomaga aylantirish bo‘yicha muzokaralar bo‘lib o‘tdi.
Vashington 19-iyun kuni Livanda o‘t ochishni to‘xtatish tartibi qayta tiklanganini e’lon qilgandi. Har ikki tomon bir-birini sulhni buzishda ayblamoqda. AQSH vitse-prezidenti Jey Di Vens 22-iyun kuni Livan bo‘yicha fikr bildirib, mamlakatda so‘nggi 24 soat ichida tinchlik hukm surayotganini aytdi.








