Daryo

“Dushmanga unutilmas saboq beramiz” — Eron rasmiysi

Eron TIV vakili AQSHning bir tomondan muzokara haqida gapirib, ikkinchi tomondan hujumlarni davom ettirishini qoraladi.

1 daqiqa o‘qish11 562 ko‘rishlar0 izoh12

Eron harbiylari dushmanga “unutilmas dars” beradi. Bu haqda Eron Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ismoil Baqoiyning 13-mart kungi bayonotiga tayanib Anadolu xabar berdi.

Vazirlik mulozimi AQSH tutayotgan yo‘lni keskin tanqid qilib, Vashingtonning bir tomondan o‘t ochishni to‘xtatish va muloqot haqida gapirib, ikkinchi tomondan hujumlarni davom ettirayotganini qabul qilib bo‘lmas holat deb atadi.

“Biz dushmanning goh-gohida o‘t ochishni to‘xtatish va muloqot haqida gapirib, keyin yana ushbu jinoyatlarni takrorlashi hamda urushni davom ettirishini qabul qila olmaymiz”, dedi u.

Baqoiyning so‘zlariga ko‘ra, Eron armiyasi raqibga munosib zarba berish borasida “o‘ta qat’iy” pozitsiyada turibdi. Tashqi ishlar vazirligi vakili, shuningdek, hozirda mamlakatdagi barcha davlat tuzilmalari faqat mudofaaga e’tibor qaratganini alohida qayd etdi:

“Hammamiz — ham milliy, ham harbiy darajada — Eron xalqini har tomonlama himoya qilishga diqqatimizni qaratganmiz”, deya qo‘shimcha qildi mulozim.

Bundan oldinroq Eroning yangi oliy rahnamosi Mojtaba Xomanaiy xalqqa ilk murojaat bilan chiqib, dushmanga qarshi kurash davom ettirilishini aytgandi. U o‘z bayonotida qo‘shni Yaqin Sharq davlatlarini AQSH bazalarini yopishga chaqirib, aks holda ularga hujum davom etishini ta’kidladi.

Ayni paytda BMT Xavfsizlik kengashi 11-mart kuni Eronning Fors ko‘rfazi mamlakatlari va Iordaniyaga uyushtirgan hujumlarini qoralovchi hamda Tehrondan harbiy harakatlarni zudlik bilan to‘xtatishni talab qiluvchi rezolyutsiya loyihasini qabul qildi.

AQSH va Isroil kuchlari 28-fevral kuni Eronga qarshi urush boshladi. Oqibatda Eronning 37 yillik sobiq oliy rahnamosi Oyatulloh Ali Xomanaiy halok bo‘ldi. Bunga javoban Tehron Isroil va mintaqadagi arab davlatlarida joylashgan Amerika bazalariga zarba berib kelmoqda. 

Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan livanlik guruh “Hizbulloh” ham Isroilga qarshi zarba berib, Livanni ham urush domiga tortdi. Guruh so‘nggi marta Eron bilan hamkorlikda Isroilga 150 dan ortiq raketa uchirdi. 

Mirzayeva Dilafroʻz Safar qizi. 1999-yilda Toshkent viloyatida tavallud topgan. Millati — oʻzbek. 2024-yilda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining Sinxron tarjima yoʻnalishi magistr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar