Daryo

“Hizbulloh” Isroilga raketalar uchirdi, yahudiy davlati javob zarbalari yo‘lladi (video)

Livan guruhi bu hujumalarni Eron oliy rahnamosi Oyatulloh Ali Xomanaiy o‘limi uchun qasos deb atadi. Livan bosh vaziri yahudiy davlatiga hujumlarni qoraladi.

1 daqiqa o‘qish18 192 ko‘rishlar0 izoh10

Livanning “Hizbulloh” guruhi 2-martga o‘tar kechasi Isroilga raketalar uchirdi, yahudiy davlati javob zarbalari yo‘lladi. Bu haqda Al Arabiya xabar berdi.

“Hizbulloh” mazkur hujumlarni Eron oliy rahnamosi Oyatulloh Ali Xomanaiyning o‘limi uchun qasos deb atadi.

Qarshilik harakati rahbariyati (“Hizbulloh” rahbariyati nazarda tutilgan)Isroil hujumlari davom etayotgani, yetakchilarimiz, yoshlarimiz va xalqimiz o‘ldirilayotgani sabab o‘zimizni himoya qilishimiz uchun munosib vaqtda va joyda javob qaytarish huquqini taqdim etgan, deyiladi guruh bayonotida.

Isroil armiyasi bunga javoban Livan bo‘ylab “Hizbulloh” nishonlariga, jumladan Bayrutning janubiy chekkalariga zarbalar berdi. “Hizbulloh” Isroilga hujumni Ali Xomanaiyning “toza qoni uchun qasos”, “Livan va uning xalqini himoya qilish” hamda “Isroilning takroriy hujumlariga javob” sifatida amalga oshirganini ma’lum qildi.

Livandan uchirilgan snaryadlar natijasida Isroil shimolidagi bir qancha hududlarda sirenalar yangradi. Bu AQSH va Isroilning Eronga zarbalari boshlanganidan beri Livan hududidan amalga oshirilgan ilk hujum bo‘ldi.

Livan bosh vaziri Navaf Salom mamlakat janubidan snaryadlar uchirilishini “mas’uliyatsizlik” va Livan xavfsizligiga tahdid soluvchi “shubhali harakat” deb atadi.

Isroil va Livan 2024-yilda AQSH vositachiligida o‘t ochishni to‘xtatishga kelishib oldi, bu tomonlar o‘rtasida bir yildan ortiq davom etgan janglarni yakunladi. Mazkur hujumlar oqibatida “Hizbulloh” rahbari Hasan Nasrulloh halok bo‘ldi.

Tehronning Yaqin Sharqdagi asosiy ittifoqchilaridan biri hisoblangan shia musulmon guruhi, ya’ni “Hizbulloh” 28-fevral kuni Eron bilan birdamligini bildirdi. Biroq mojaroga bevosita aralashish-aralashmasligi haqida aniq bayonot bermagandi.

Eron oliy rahnamosi Oyatulloh Ali Xomanaiy 28-fevral kuni qarorgohiga uyushtirilgan hujum oqibatida halok bo‘ldi. Isroil va AQSH hujumlarida uning qizi, kuyovi, nevarasi va kelini ham vafot etdi. Xomanaiyning o‘limi munosabati bilan Eronda 40 kunlik milliy motam va bir haftalik ta’til e’lon qilindi. Iroq ham o‘z hududida 4 kunlik motam e’lon qildi.

Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar