Toshkent viloyatining Chirchiq shahrida joylashgan qurilishi tugallanmagan ko‘p qavatli turar joy qarzlarni qoplash maqsadida auksionga chiqarildi.
E-auksion maʼlumotiga ko‘ra, obyekt Majburiy ijro byurosi tomonidan sotuvga qo‘yilgan. Sotuv bo‘yicha Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudi qarori chiqarilgan.
Yetti qavatli bino “Yangi O‘zbekiston” mahallasida joylashgan bo‘lib, umumiy maydoni 3724 m2 ni tashkil etadi. Yer uchastkasi maydoni — 465 m2.
Bino qurilishi 80 foizga bajarilgan, ammo hozircha taʼmirtalab holatda. Unda suv, elektr, gaz va kanalizatsiya tarmoqlari mavjud emas. Turar joyda 50 tadan ortiq xonalar bor.
Eʼlonda yozilishicha, mulkka nisbatan MIBning beshta, soliq organlarining 20 ta taqiqlari mavjud. Xaridorlarga auksiondan oldin binoni shaxsan ko‘zdan kechirish tavsiya etilgan.
Obyektning boshlang‘ich narxi 28,81 milliard so‘m. Auksion 30-mart kuni soat 10:00 da o‘tkaziladi, arizalar esa o‘sha kuni soat 9:00 gacha qabul qilinadi.








