Qurilish sohasi tadbirkorlari bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotda 29-avgust kuni o‘zini bir nechta qurilish kompaniyalari rahbari sifatida tanishtirgan Usmon Abdusamadov turli da’volar bilan chiqqan edi. U 200 ming dollar pora berilmasa, ko‘p qavatli turar joy qurilishiga ruxsatnoma berilmasligidan shikoyat qilgan.
Qurilish vazirligi holat yuzasidan tadbirkorga chora ko‘rilishi kerakligini bildirmoqda. Vazirlikka ko‘ra, mazkur ma’lumotlar ijtimoiy tarmoqlarda turli muhokamalarni keltirib chiqardi. Natijada qurilish sohasida olib borilayotgan islohotlarga, soha vakillari hamda Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligiga nisbatan salbiy munosabat shakllanmoqda.
Bu esa o‘z navbatida vazirlik va uning tizimida faoliyat yuritayotgan xodimlarning sha’ni, qadr-qimmati va ishchanlik obro‘siga putur yetkazmoqda.
Shu bois Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi fuqaro (tadbirkor) Usmonjon Abdusamadovga nisbatan tegishli tartibda javobgarlik choralari ko‘rish va huquqiy baho berilishini so‘rab, Ichki ishlar vazirligiga rasmiy ariza kiritgan.
Vazirlik o‘z bayonotida qurilish sohasiga oid barcha davlat xizmatlari va to‘lovlar belgilangan tartibda elektron tarzda amalga oshirilishini, bu jarayonda qo‘shimcha mablag‘ talab qilinishi qat’iy taqiqlanganini eslatgan.
“Jismoniy va yuridik shaxslar shaharsozlik hujjatlarini olish uchun arizalarni faqat Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) yoki Davlat xizmatlari markazlari orqali yuborishlari mumkin. Arizalarni ko‘rib chiqishda fuqaro va vakolatli organ vakili o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotga yo‘l qo‘yilmaydi.
Xususan, obyekt qurilishiga oid ruxsatnoma olishdan tortib, uni foydalanishga qabul qilishgacha bo‘lgan barcha jarayonlar “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimi orqali to‘liq nazorat qilinadi.
Bu jarayonlar Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 20-apreldagi 200-sonli qarori bilan tasdiqlangan ma’muriy reglamentlar asosida aniq tartibga solingan”, deyiladi xabarda.








