Eron Islom Respublikasining halok bo‘lgan oliy rahnamosi Oyatulloh Ali Xomanaiyning o‘g‘li — Mujtabo Xomanaiy mamlakatning yangi rahbari etib saylandi. Bu haqda Germaniyaning Deutsche Welle (DW) nashri Eron hukumati tarkibidagi o‘z manbalariga tayanib xabar berdi.
DW manbalariga ko‘ra, Mujtabo Xomanaiyni saylash to‘g‘risidagi qaror 88 nafar nufuzli shia ulamolaridan iborat kengash tomonidan qabul qilingan. Ta’kidlanishicha, ushbu tayinlov Islom inqilobi muhofizlari korpusi (IIMK)ning bevosita bosimi ostida amalga oshirilgan.
Hozircha Eron rasmiylari va davlat OAV ushbu ma’lumotni rasman tasdiqlagani yo‘q. Ayni paytda, Ali Xomanaiy vafotidan so‘ng mamlakatni vaqtincha uch kishilik kengash boshqarmoqda. Unga quyidagilar kiradi: prezident Mas’ud Pezeshkiyon, sud hokimiyati rahbari G‘ulom Husayn Muhsiniy-Ejey va vasiylik kengashi a’zosi Oyatulloh Alirizo Araafiy.
Oyatulloh Ali Xomanaiy Eronni 1989-yildan beri boshqarib kelayotgan edi. U joriy yilning 28-fevral kuni boshlangan AQSH va Isroilning Islom Respublikasiga qarshi harbiy operatsiyasi davomida halok bo‘ldi.
Eron qonunchiligiga ko‘ra, mamlakatning diniy rahbari umrbod muddatga “Ekspertlar kengashi” tomonidan tayinlanadi. Islom huquqi bo‘yicha 88 nafar mutaxassisdan iborat ushbu organ har sakkiz yilda bir marta fuqarolar tomonidan saylanadi. Oxirgi saylovlar 2024-yilda bo‘lib o‘tgan edi.
Avvalroq Xomanaiyning oʻrnini kimlar egallashi mumkinligi haqida turli farazlar ilgari surilgandi. Yuqori martabali eronlik amaldorlar bilan oʻtkazilgan suhbatlarga koʻra, Xomanaiy afzal ko‘rgan nomzodlar sifatida quyidagilar keltirilgan:
- sud hokimiyati rahbari G‘ulom-Husayn Muhsini-Ejey;
- Xomanaiyning devoni rahbari Ali Asg‘ar Hijoziy;
- Islohotchi qanot vakili, Oyatulloh Xomanaiyning nabirasi Hasan Humayniy.
Xomanaiyning o‘g‘li Mujtabo ham ayrim guruhlar tomonidan ehtimoliy voris sifatida tilga olingan. Biroq Xomanaiy oliy rahnamo lavozimi meros tariqasida o‘tishini istamasligini bildirgan edi.
Isroil va AQSH 28-fevral tongida Eron hududiga zarbalar berishni boshladi. AQSH prezidenti Donald Tramp ushbu operatsiyadan maqsad Islom Respublikasining yadroviy dasturini yo‘q qilish ekanini e’lon qildi. Shuningdek, u Eron armiyasini qurollarni tashlashga, mamlakat fuqarolarini esa “o‘z taqdirlarini o‘z qo‘llariga olishga” chaqirdi.
Eron davlat OAVning 3-martdagi hisobotiga ko‘ra, hujumlar oqibatida kamida 787 kishi halok bo‘lgan. Bunga javoban Tehron Isroil va Fors ko‘rfazidagi bir qator davlatlarga zarbalar bermoqda. Tehron arab davlatlari bilan urushmayotganini, uning nishoni faqat mintaqadagi AQSH harbiy bazalari ekanini ta’kidlamoqda.








