Daryo

Xomanaiyning oʻrnini kimlar egallashi mumkin?

Marhum Eron oliy rahnamosi afzal koʻrgan nomzodlar ma’lum qilindi. U yuqori martabali shia ruhoniysi bo‘lishi va “Ekspertlar assambleyasi” tomonidan tayinlanishi kerak.

2 daqiqa o‘qish16 796 ko‘rishlar0 izoh13

Eron oliy rahnamosi Oyatulloh Ali Xomanaiyning o‘limi uning o‘rnini kim egallashi mumkinligi haqidagi taxminlarni kuchaytirdi. The New York Times nashri ehtimoliy nomzodlar haqida ma’lumot berdi.

86 yoshli Oyatulloh Xomanaiy 1989-yildan buyon Eronga rahbarlik qilib kelgan va oliy rahnamo sifatida keng vakolatlarga ega edi. U qurolli kuchlar bosh qo‘mondoni bo‘lib, davlatning barcha muhim masalalarida hal qiluvchi so‘zga ega bo‘lgan. Tarafdorlari uni diniy va siyosiy yetakchi sifatida ulug‘lagan.

Xomanaiy qat’iy siyosati bilan tanilgan: u islohot chaqiriqlarini rad etgan, norozilik namoyishlarini bostirgan va hokimiyatga qarshi chiqqanlarga nisbatan keskin choralar ko‘rgan. U o‘zini “inqilob posboni” deb bilgan hamda Islom respublikasining saqlanib qolishi uchun shaxsan mas’ul ekanini ta’kidlab kelgan. Shu bois o‘zidan keyingi ehtimoliy vorislar masalasini ham oldindan ko‘rib chiqqan.

2025-yil iyun oyida Isroil bilan 12 kunlik urush vaqtida Xomanaiyning bunkerda ekani haqida xabarlar tarqalgan paytda, u o‘z o‘rniga tezkor tayinlanishi mumkin bo‘lgan uch nomzodni belgilagani aytilgan. Eron qonunchiligiga ko‘ra, oliy rahbar yuqori martabali shia ruhoniysi bo‘lishi va “Ekspertlar assambleyasi” tomonidan tayinlanishi kerak.

Yuqori martabali eronlik amaldorlar bilan oʻtkazilgan suhbatlarga koʻra, Xomanaiy afzal ko‘rgan nomzodlar sifatida quyidagilar keltiriladi:

  • Sud hokimiyati rahbari G‘ulom-Husayn Muhsini-Ejey;
  • Xomanaiyning devoni rahbari Ali Asg‘ar Hijoziy;
  • Islohotchi qanot vakili, Oyatulloh Xomanaiyning nabirasi Hasan Humayniy.

Xomanaiyning o‘g‘li Mojtaba ham ayrim guruhlar tomonidan ehtimoliy voris sifatida tilga olinadi. Biroq Xomanaiy oliy rahnamo lavozimi meros tariqasida o‘tishini istamasligini bildirgan edi.

28-fevral. Isroil va AQSH tomonidan uyushtirilgan hujumlarda Eron oliy rahnamosining qarorgohi nishonga olindi. Hujum oqibatida Xomanaiydan tashqari uning qizi, kuyovi, nevarasi va kelini ham halok bo‘lgan. Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi hujum uchun qasos olinishi haqida ogohlantirdi.

AQSH prezidenti Donald Tramp hujumlar uzoq davom etishi yoki ikki-uch kun ichida yakunlanishi mumkinligini aytdi. U harbiy, operatsiya Eronning yadroviy kelishuvdan bosh tortganiga javob bo‘lganini ta’kidladi.

Xomanaiy urush sharoitida halok bo‘lsa yoki aloqaga chiqolmasa, davlat boshqaruvi uzluksizligini ta’minlash uchun yaqin siyosiy va harbiy doira vakillariga vakolat bergan. Shuningdek, u shaxsan tayinlaydigan yuqori martabali harbiy va siyosiy arboblar uchun to‘rt bosqichli vorislik tizimini belgilagan.

Bu ro‘yxatga Ali Asg‘ar Hijoziy, parlament spikeri va sobiq Inqilobiy gvardiya qo‘mondoni brigada generali Muhammad Boqir G‘olibof hamda sobiq bosh qo‘mondon Yahyo Rahim Safaviy kiradi. Isroil harbiylari Hijoziy ham halok bo‘lganini ma’lum qilgan.

Voqeaga aloqador soʻnggi yangiliklar va videolarni @daryo_live kanalida ham kuzatib boring.

Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar