Eronning yangi oliy rahnamosi Mojtaba Xomanaiy Isroil va AQSHning mamlakatga qarshi qo‘shma havo hujumlari davomida yengil jarohat olgan. Bu haqda yahudiy yuqori martabali mulozimining so‘zlariga tayanib, Reuters xabar berdi.
Ta’kidlanishicha, aynan shu sababli rahnamo jamoatchilikka ko‘rinish bermayapti.
“Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi (IIQK) Mojtaba Xomanaiyni otasining yanada “yumshoqroq” va korpusning qat’iy siyosatini qo‘llab-quvvatlovchi varianti sifatida ko‘rib, uni oliy rahbarlikka saylashga erishgan”, deyiladi xabarda.
Eronlik uchta yuqori martabali manba, jumladan, sobiq islohotchi mulozimning fikricha, Xomanaiyning saylanishi mamlakat tashqi siyosatining yanada agressivlashishiga va ichki repressiyalarning kuchayishiga olib kelishi mumkin.
Isroil Mudofaa vaziri Israel Kats o‘tgan haftada bergan bayonotida Eronning navbatdagi har qanday yetakchisini o‘lim kutishi bilan tahdid qilgan edi.
Mojtaba Xomanaiyning salomatligi borasidagi mish-mishlar ortidan Eron prezidenti Mas’ud Pezeshkiyonning o‘g‘li Yusuf Pezeshkiyon bayonot berdi. ISNA agentligi xabariga ko‘ra, u yangi rahbarning ahvoli yaxshi ekanini aytgan.
“Mojtabaning yaralangani haqidagi xabarlarni eshitib, u bilan aloqada bo‘lgan odamlardan surishtirdim. Ular, shukrki, u sog‘-omon va hech qanday xavotirga o‘rin yo‘qligini aytdi”, dedi kichik Pezeshkiyon.
Marhum Oyatulloh Ali Xomanaiyning o‘g‘li Mojtaba Xomanaiy 8-mart kuni Eronning yangi ma’naviy rahnamosi va oliy hokimiyat egasi deb rasman e’lon qilingan edi. Biroq shundan beri u na omma oldida ko‘rindi, na uning nomidan biror rasmiy bayonot berildi.








