Daryo

Eron Ali Xomanaiy dafn marosimi oldidan AQSH va Isroilni ogohlantirdi

Tehron “dushmanlar”ini xato qilmaslikka chaqirib, har qanday tajovuzga keskin javob berilishini ma’lum qildi. Xavfsizlik chorasi sifatida poytaxt va Mashhad havo hududi yopiladi.

2 daqiqa o‘qish7 627 ko‘rishlar0 izoh3

Eron harbiy qo‘mondoni 2-iyul kuni AQSH va Isroilni mamlakatga hujum qilmaslik haqida ogohlantirdi. Hozirda mamlakatda sobiq oliy rahnamo Oyatulloh Ali Xomanaiyning davlat darajasidagi dafn marosimiga tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Bu haqda Reuters xabar berdi.

Oyatulloh Ali Xomanaiy urushning birinchi kunida, ya’ni 28-fevralda uyushtirilgan aviazarbalar oqibatida halok bo‘lgan edi.

“Biz Eron dushmanlarini, ayniqsa AQSH va sionistik rejimni (Isroilni) har qanday xatolikka yo‘l qo‘ymaslikka chaqiramiz. Mamlakatimizga qarshi har qanday tahdid va tajovuzga qurolli kuchlarimiz qattiq javob qaytaradi. Buni yaxshilab o‘ylab ko‘rishsin”, deyiladi Xatam al-Anbiyo markaziy shtabi qo‘mondoni Ali Abdollohiyning bayonotida.

Ali Xomanaiy bilan vidolashuv marosimlari 4-iyul kuni Tehronda boshlanadi. 9-iyul kuni esa u o‘zi tug‘ilgan Mashhad shahrida dafn etiladi. Shuningdek, ushbu sanalar oralig‘ida Qum shahrida va Iroqda ham xotira marosimlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

1-iyun kuni Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi ham shunday ogohlantirish bilan chiqqan edi. U Eron o‘z xalqi yoki rahbariyatiga bo‘lgan har qanday tahdidga darhol va kuchli javob qaytarishini aytdi. Bu bayonot Isroil mudofaa vaziri Isroil Katsning gaplaridan keyin yangradi. Kats Eronning hozirgi oliy rahnamosi Mojtaba Xomanaiyni “o‘limga mahkum qilingan”, deb atagan edi.

Eron ommaviy axborot vositalari dafn marosimlari paytida xavfsizlik choralari kuchaytirilishini ma’lum qildi. Mamlakat Fuqaro avizatsiyasi tashkiloti rahbari Tehron va Mashhad kabi bir qator shaharlar havo hududi vaqtincha yopilishini bildirdi.

AQSH va Eron o‘rtasidagi Doha muzokaralari yakunlandi

Eron va AQSH 1-iyul kuni Dohada bilvosita muzokaralar raundini yakunladi. Tomonlar o‘rtasida doimiy tinchlikka erishish borasida siljish qayd etilmadi. Ular ikki hafta oldin e’lon qilingan muvaqqat kelishuvda hal bo‘lgan masalalarni yana muhokama qildi.

Vaziyatdan xabardor manbalarning aytishicha, ikki davlat vakillari Dohada ikki kun davomida Hormuz bo‘g‘ozidagi dengiz qatnovi va Eronning muzlatilgan mablag‘larini ochish masalalarini muhokama qilgan. Bu masalalar dastlabki kelishuvning eng muhim qismlari hisoblanadi.

Qatar Tashqi ishlar vazirligining ma’lum qilishicha, keyingi uchrashuv Oyatulloh Ali Xomanaiyning dafn marosimlaridan keyin bo‘lib o‘tadi. Vazirlik vakilining X tarmog‘ida yozishicha, Doha uchrashuvida iyun oyida urushni to‘xtatgan memorandum bo‘yicha ijobiy natijalarga erishilgan va Shveysariyadagi sammit kelishuvlari davom ettirilgan.

Qatar vazirligining qo‘shimcha qilishicha, Amerika va Eron muzokarachilari Qatar hamda Pokiston vositachilari bilan alohida-alohida uchrashuvlar o‘tkazgan. Vashingtonda AQSH prezidenti Donald Tramp ikki tomon Eron yadro dasturini cheklash bo‘yicha siljishga erishayotganini aytdi. Tramp va Isroil fevral oyida aynan shu sabab tufayli urush boshlagan edi.

“Eronni yadro qurolidan xoli qilish jarayoni yaxshi ketmoqda. Uchrashuvlar juda yaxshi o‘tdi, natijasini ko‘ramiz”, dedi Tramp jurnalistlarga.

Biroq, manbalarning bildirishicha, texnik xarakterga ega bo‘lgan bu muzokaralarda yadro dasturi umuman muhokama qilinmagan. AQSH vitse-prezidenti Jey Di Vens bu masala keyinroq ko‘rib chiqilishini aytdi.

“Albatta, biz yadroviy muammodan xavotirdamiz va bu haqda muhokamani boshlaymiz”, dedi Vens.

Mirzayeva Dilafroʻz Safar qizi. 1999-yilda Toshkent viloyatida tavallud topgan. Millati — oʻzbek. 2024-yilda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining Sinxron tarjima yoʻnalishi magistr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar