Eronning Livandagi missiyasi (diplomatik vakolatxonalari) hujumga uchrasa, butun dunyodagi Isroil elchixonalari nishonga olinadi. Bu haqda Eron Qurolli kuchlari matbuot kotibi Abulfazl Shakarchi bayonotiga tayanib, France 24 xabar berdi.
“Agar Isroil bunday jinoyat sodir etsa, bu bizni Isroilning dunyodagi barcha elchixonalarini qonuniy nishonimizga aylantirishga majbur qiladi”, deya ogohlantirdi Eron harbiy vakili.
Isroil armiyasining arab tilidagi rasmiy vakili Avichay Adraee 3-mart kuni Livanda qolayotgan Eron vakillariga murojaat qilgan edi.
“Eron terror rejimi vakillari darhol Livanni tark etishi kerak, aks holda ular nishonga olinadi”, degan u va mamlakatni tark etish uchun 24 soat vaqt berilganini aytgandi.
Livanning “Hizbulloh” guruhi Eron oliy rahnamosi Oyatulloh Ali Xomanaiyning oʻlimi uchun qasos olish maqsadida 2-martga oʻtar kechasi Isroilga raketalar uchirdi. Yahudiy davlati shu kundan boshlab Livanga hujumlarni kuchaytirdi. Oqibatda hozirgacha 72 kishi halok boʻldi, 437 kishi jarohatlandi va 83 mingdan ortiq odam o‘z uyini tark etdi.
“Hizbulloh”ning aytishicha, 4-mart kuni uning jangchilari Livan janubidagi Xiam shahrida, chegaradan taxminan olti kilometr uzoqlikda joylashgan Isroil kuchlari bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri to‘qnashuvlarga kirishgan. Isroil armiyasi 3-mart kuni “Hizbulloh”ga qarshi quruqlikdan operatsiyalar boshlagan.








