Eron oliy rahnamosi Oyatulloh Ali Xomanaiy 28-fevral kuni qarorgohiga qilingan hujumda halok boʻldi. Eron hukumati va Islom inqilobi qoʻriqchilari korpusi Xomanaiyning oʻlimi uchun qasos olinishini ta’kidladi. Bu haqda Mehr agentligi xabar berdi.
Eron hukumati ta’ziyasida Xomanaiy zamonaviy fanlarni puxta biladigan, dono va keng diniy bilimlarga ega, jasoratli shaxs sifatida ta’riflandi.
Eron islom inqilobi qoʻriqchilari korpusi ham Xomanaiyning oʻlimi javobsiz qolmasligidan ogohlantirdi.Ushbu og‘ir jinoyat hech qachon javobsiz qolmaydi va islom olami hamda shialik tarixida yangi sahifa ochadi. Bu oliy martabali raisning pok qoni buloqdek qaynab, Amerika-sionistik zulm va jinoyatlarini tag-tomiri bilan qo‘porib tashlaydi. Bu safar ham to‘liq kuch va qat’iyat bilan biz bu jinoyatning aybdorlari va tashkilotchilarini qilgan ishlaridan pushaymon qildiramiz, deyiladi bayonotda.
Insoniyat va insoniylikning eng yovuz terrorchilari hamda jallodlari qo‘lida shahid bo‘lish ushbu buyuk rahbarning haqqoniyligini va uning samimiy xizmatlarining e’tirofidir. AQSHning yovuz niyatli hukumati va sionistik rejimning jinoiy va terroristik harakatlari diniy, axloqiy, huquqiy va umumqabul qilingan me’yorlarning ochiqdan-ochiq buzilishidir. Shu bois Eron xalqining qasos qo‘li millat imomining qotillarini og‘ir, qat’iy va pushaymon qiluvchi jazoga tortmaguncha tinch qo‘ymaydi, deyiladi qoʻriqchilar korpusining bildirgan ta’ziyasida.
Bayonot soʻnggida Eron islom inqilobi qoʻriqchilari korpusi milliy birdamlikka chaqirdi. Xomanaiyning oʻlimi munosabati bilan mamlakatda 40 kunlik motam va bir haftalik ta’til e’lon qilindi.
Voqeaga aloqador soʻnggi yangiliklar va videolarni @daryo_live kanalida ham kuzatib boring.








