BAA Fuqaro aviatsiyasi bosh boshqarmasi (GCAA) mintaqadagi vaziyat bilan bog‘liq o‘zgarishlar tufayli maxsus operativ rejalarni ishga tushirdi. Bu haqda Khaleej Times xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, BAA hukumati reyslari kechiktirilgan yoki aeroportlarda qolib ketgan barcha yo‘lovchilarning mehmonxonada yashash va ovqatlanish xarajatlarini to‘liq o‘z zimmasiga oladi. Operativ o‘zgarishlar davrida zaruriy xizmatlar uzluksiz ko‘rsatilishi ta’minlanadi.
So‘nggi soatlar ichida parvozi kechiktirilgan 20 200 nafarga yaqin yo‘lovchiga yordam ko‘rsatilgan. Ularga vaqtinchalik turar joy, oziq-ovqat va ichimliklar yetkazib berilib, chiptalarni qayta rasmiylashtirishda ko‘maklashilgan.
Hozirda BAA aeroportlari va milliy aviakompaniyalari hamkorlikda ishlamoqda. Aeroportdagi tirbandlikning oldini olish va jarayonni yengillashtirish uchun quyidagi choralar amalga oshirilmoqda:
- parvozlar jadvalini qayta tuzish jarayoni tezlashtirildi;
- tranzit yo‘lovchilar vaqtinchalik mehmonxonalarga joylashtirilmoqda.
Bosh boshqarma vaziyat doimiy nazoratda ekanini va sharoit imkon berishi bilan parvozlar to‘liq tiklanishini ta’kidladi. Yo‘lovchilarga so‘nggi yangiliklarni rasmiy manbalar orqali kuzatib borish va o‘z aviakompaniyalari bilan bog‘lanish tavsiya etiladi.
Isroil va AQSH 28-fevral kuni Eronga hujumlarni boshladi, bunga javoban Islom respublikasi AQSHning Yaqin Sharqdagi bazalariga va Isroilga raketalar uchirdi. Birlashgan Arab Amirliklari, Saudiya Arabistoni, Kuvayt va Bahraynda portlashlar qayd etildi. AQSHning Bahrayndagi bazasi jiddiy shikastlandi. Mintaqa davlatlarining aksariyati oʻzining havo hududini yopgan, bu davlatlarga kirish va chiqish reyslari toʻxtatilgan. Dubay va Kuvayt aeroportlari dron hujumiga uchragan.








