Birlashgan Arab Amirliklari mamlakat havo hududining qisman yopilish tartibini yana bir haftaga uzaytirdi. Bu haqda Yaqin Sharqdagi havo harakatini boshqarish xizmatlaridagi manba “TASS” agentligiga ma’lum qildi.
“Havo hududi 23-mart, dushanba kuni mahalliy vaqt bilan soat 16:00 ga qadar qisman yopiq bo‘ladi”, deya ta’kidladi manba.
Qayd etilishicha, mahalliy aeroportlarga amalga oshiriladigan hamda u yerdan uchib ketadigan reyslar uchun oltita yo‘nalish belgilangan bo‘lib, ular qo‘shni Ummon va Saudiya Arabistoni havo hududi bilan chegaradagi nazorat-o‘tish punktlariga olib boradi.
“Ekipajlarga havo harakatini boshqarish markazlaridan kelayotgan tezkor ma’lumotlarni muntazam kuzatib borish bo‘yicha ko‘rsatma berildi”, deya qo‘shimcha qildi agentlik suhbatdoshi.
Mazkur taqiqqa AQSH va Isroilning Eronga qarshi uch haftadan beri olib borayotgan harbiy operatsiyasi va Tehronning bunga javoban Yaqin Sharq mamlakatlarida joylashgan Amerika bazalariga uyushtirayotgan hujumlari sabab bo‘lmoqda.
BAA havo hududi qisman yopilishi sabab 16-mart kuni Toshkentdan Dubayga uchgan reyslar qaytarildi:
- Centrum Air’ning Toshkent—Dubay yo‘nalishi bo‘yicha C6-351 reysi Toshkent xalqaro aeroportiga;
- Uzbekistan Airways’ning Toshkent—Dubay yo‘nalishi bo‘yicha HY-333 reysi ham jo‘nab ketish aeroportiga qaytarildi.
Ushbu voqealar fonida Eron armiyasi Dubay va Doha shahrining ayrim hududlarida yashovchi aholini evakuatsiya qilish haqida ogohlantirish bilan chiqdi. Unga ko‘ra, bu joylarda AQSH harbiy xizmatchilari yashirinib turibdi va yaqinlashib kelayotgan zarbalarda ular nishonga olinishi mumkin.








