AQSH va Isroil 28-fevraldan beri Eronga qarshi urush olib bormoqda. Bunga javoban Tehron Yaqin Sharq davlatlari, xususan, Birlashgan Arab Amirliklari (BAA)da joylashgan Amerika bazalari va boshqa hududlarga zarbalar bermoqda. Bu Dubay shahrida ommaviy evakuatsiya to‘lqinini keltirib chiqardi. Shoshilinch ravishda mamlakatni tark etayotgan xorijliklar esa o‘z uy hayvonlarini ko‘chaga tashlab ketmoqda.
Shahar veterinariya klinikalari va hayvonlarni himoya qilish markazlari xabariga ko‘ra, egalari mamlakatni tark etganidan so‘ng ko‘chalarda qarovsiz qolgan mushuk va kuchuklar soni keskin ortgan. Ayrim odamlar hayvonlarni ko‘chirish xarajatlari yoki qog‘ozbozlikdan qochish uchun sog‘lom jonivorlarni evtanaziya qilishni so‘rab murojaat qilgan.
The Barking Lot mehmonxonasi egasi Aditi Gauri The Telegraph nashriga bergan intervyusida shunday deydi:
“Hozirda barcha hayvon boshpanalari to‘lib ketgan. Biz imkon qadar vaziyatga moslashishga harakat qilyapmiz, chunki hozir o‘ta og‘ir payt ekanini tushunamiz”.
Ko‘ngillilarning so‘zlariga ko‘ra, ijtimoiy tarmoqlardagi guruhlarda ustunlarga boylab ketilgan yoki shunchaki ko‘chaga haydalgan hayvonlar haqida yuzlab xabarlar tarqalmoqda.
Yanada ayanchli holatlar Ummon chegarasida kuzatilmoqda. Ma’lum bo‘lishicha, BAA chegarasidan hayvonlar bilan o‘tishga ruxsat berilmagani sababli odamlar ularni cho‘llarda o‘limga mahkum qilib qoldirmoqda.
Al Ayn shahrida istiqomat qiluvchi ayol o‘z eshigi oldida quti ichida ona mushuk va to‘rt bolasi tashlab ketilganini xabar qildi. Qutiga qoldirilgan xatda hayvonlar egasi qochishga majbur bo‘lgani va ularni o‘zi bilan olib keta olmasligini yozgan.
Urush davrida hayvonlarni qo‘llab-quvvatlovchi War Paws xayriya tashkiloti Dubay kabi badavlat shaharda bunday ommaviy shafqatsizlik sodir bo‘layotganidan hayratda ekanini bildirdi. Tashkilot rahbari Luiza Hasti shunday dedi:
“Muammo faqatgina bu yerda emas, balki Iroq va Ukrainada ham shunday holatlar kuzatilgan. Lekin hayvonlarni chegarada yoki ko‘chada tashlab ketish hech qanday bahona bilan oqlanmaydi. Dubay — juda boy shahar”.
Ma’lumot o‘rnida, hozirda 14 mingga yaqin Britaniya fuqarosi BAAni tark etish uchun o‘z mamlakati Tashqi ishlar vazirligiga murojaat qilgan. Britaniya hukumati fuqarolarini mintaqaga faqat o‘ta zarur bo‘lgandagina sayohat qilishdan ogohlantirmoqda.
O‘zbekistonga Yaqin Sharq davlatlaridan qaytarilgan fuqarolar soni 10-mart soat 07:00 holatiga koʻra 25 047 nafarga yetgan. Ularning 3 555 nafari aynan BAAdan olib kelingan.








