BAA urush vaqtida arab davlatlariga murojaat qilib, Eron hujumlariga birgalikda javob qaytarishni taklif qilgan, biroq rad javobini olgan. Bu haqda manbalarga tayanib Bloomberg xabar berdi.
AQSH va Isroilning Eronga bergan zarbalari hamda Tehronning bunga javoban arab davlatlaridagi obyektlarga hujum qilganidan so‘ng BAA prezidenti Muhammad bin Zoid al-Nahayon bir qator arab yetakchilari bilan telefon orqali muloqot qilgan. Jumladan, Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon bilan ham suhbat o‘tkazilgan.
Muhammad bin Zoid al-Nahayon 1981-yilda Fors ko‘rfazi arab davlatlari hamkorlik kengashi tuzilgani va u Erondan kelayotgan tahdidlar sabab tashkil etilganini eslatgan. BAA prezidentining arab davlatlaridagi hamkasblari bu mojaro ularning urushi emasligini bildirgan.
“Bu javob Abu Dabi va Ar Riyod o‘rtasidagi munosabatlarning yanada sovuqlashishiga sabab bo‘ldi”, deyiladi xabarda.
Manbalarga ko‘ra, Saudiya Arabistoni bilan yaqin siyosat yurituvchi Bahrayn va Kuvayt ham harbiy harakatlardan chetda qolishni afzal ko‘rgan. Ummonning Eron bilan aloqalari hisobga olinsa, uning javob zarbalarini qo‘llab-quvvatlash ehtimoli boshidanoq past bo‘lgan.
Fors ko‘rfazi davlatlaridan birining vakiliga koʻra, Qatar 18-mart kuni Ras-Laffon sanoat markazidagi Qatar Energy obyektlari hujumga uchragach, Eronga javob qaytarish masalasini ko‘rib chiqqan. Biroq Doha bu rejadan voz kechib, mojaroni yumshatishga e’tibor qaratgan.
“BAAning Fors ko‘rfazidagi davlatlar bilan muzokaralaridan AQSH prezidenti ma’muriyati xabardor bo‘lgan. Shuningdek, Saudiya Arabistoni va Qatarning muvofiqlashtirilgan harbiy hujumga qoʻshilishini qoʻllab-quvvatlagan”, deyiladi xabarda.
BAA, Saudiya Arabistoni, Bahrayn, Kuvayt va Ummon vakillari bu ma’lumotlarga izoh bermadi. The Wall Street Journal 12-may kuni BAA Eronga sulh davrida yashirincha zarbalar berganini ma’lum qildi. Abu Dabi ochiqchasiga tan olmagan zarbalar qatorida aprel oyida Eronning Lavan orolidagi neftni qayta ishlash zavodiga qilingan hujum ham bor.
Bloomberg manbalarining ta’kidlashicha, BAA harbiy harakatlarini Isroil bilan muvofiqlashtirgan. Saudiya Arabistoni ham Eronga yashirincha zarbalar bergani maʻlum qilingan. Bundan tashqari, Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu urush paytida BAAga borgani va Muhammad bin Zoid al-Nahayon bilan uchrashgani ochiqlangan.








