Toshkentda Traxys Group kompaniyasining Markaziy Osiyodagi birinchi mintaqaviy ofisi ochildi, deb xabar berdi “Dunyo” axborot agentligi.
Traxys Group — muhim xomashyo va minerallar, shu jumladan, energetik o‘tish uchun zarur bo‘lgan xomashyo va minerallarni yetkazib berish bo‘yicha jahon yetakchilaridan biri hisoblanadi. Kompaniya dunyoning 20 dan ortiq mamlakatida o‘z faoliyatini yuritadi hamda AQSH, Yevropa, Osiyo va Yaqin Sharqda o‘nlab xalqaro ofislariga ega. Uning yillik savdo aylanmasi taxminan 10 milliard AQSH dollarini tashkil etadi va uran va strategik minerallarni yetkazib berish bo‘yicha jahon yetakchilari qatoriga kiradi.
Xabarda qayd etilishicha, kompaniya AQSH hukumati uchun ishonchli minerallar yetkazib beruvchi sifatida tan olingan hamda U.S. International Development Finance Corporation (DFC) va Export-Import Bank of the United States (EXIM Bank) kabi xalqaro moliyaviy institutlar bilan yaqin hamkorlik olib boradi. Bu esa O‘zbekiston uchun nafaqat barqaror bozor, balki zamonaviy texnologiyalar, moliyaviy resurslar va xalqaro ekspertizani jalb qilish imkoniyatini yaratadi.
2025-yilning 22-sentyabrida O‘zbekiston prezidenti AQSHning yetakchi kompaniyalari bilan muhim minerallar sohasida sheriklikni rivojlantirish rejalarini muhokama qilgandi. O‘sha yilning 5-noyabrida Shavkat Mirziyoyevning AQSHga rasmiy tashrifi doirasida O‘zbekiston Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi hamda Traxys Group kompaniyasi o‘rtasida hamkorlik kelishuvi imzolangan edi. Ushbu hujjat 2030-yilgacha tabiiy uranni uzoq muddatli yetkazib berishni nazarda tutadi. Shartnomalarning umumiy qiymati 1,7 milliard AQSH dollarini tashkil etadi. Shuningdek, joriy yilning 18-fevral kuni O‘zbekiston prezidentining AQSHga tashrifi doirasida Traxys Group rahbariyati bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda kompaniya tomonidan Toshkent shahrida Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy ofis ochish to‘g‘risida qaror qabul qilingan.
Traxys Group O‘zbekistonning muhim minerallar sohasiga 1 milliard dollar sarmoya kiritadi
O‘zbekiston prezidentining qaroriga muvofiq O‘zbekiston texnologik metallar kombinati tizimida 70 dan ortiq yirik investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda. 2030-yilga borib strategik foydali qazilmalar ishlab chiqarish hajmini 1 milliard dollardan oshirish ko‘zda tutilgan. Korxonada 2025-yil yakuni bilan 53 tonna volfram va 950 tonna molibden ishlab chiqarilgan bo‘lsa, 2026—2030-yillarda 16 ming tonna volfram va 5,5 ming tonna molibden ishlab chiqarish rejalashtirilgan.
Samarqand va Toshkent viloyatlarida tashkil etilayotgan sanoat klasterlari nafaqat qazib olish, balki boyitish va chuqur qayta ishlash jarayonlarini ham qamrab oladi. Bu mamlakat ichida to‘laqonli qo‘shilgan qiymat zanjirini shakllantirishga xizmat qiladi.
Traxys Group O‘zbekistonning muhim minerallar sohasiga 1 milliard dollar sarmoya kiritish tashabbusini bildirgan. Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, ushbu kelishuv anʼanaviy “qidiruv-qazib olish-qayta ishlash-sotish” sxemasidan tashqari, korporativ moliyalashtirish mexanizmlari orqali taʼminot zanjirini boshqarish strategiyasini shakllantiradi.
Kompaniya bosh ijrochi direktori Mark Kristoffning taʼkidlashicha, hamkorlik, ayniqsa, “yashil” energetikaga o‘tishning jadallashuvi va ushbu resurslarga global talabning ortib borishi sharoitida O‘zbekistonni strategik minerallarni yetkazib berish global zanjirining muhim bo‘g‘iniga aylantirishga qodir.








