Buxoroning Shofirkon tumanidagi maktablarda qurilish va taʼmirlash ishlari sifatsiz bajarilayotgani aniqlandi. Bu haqda “Millar” dasturida xabar qilindi.
Qayd etilishicha, “Tezguzar” mahallasi hududida joylashgan 6-sonli umumtaʼlim maktabida 480 oʻrinli binoni kapital taʼmirlash hamda qoʻshimcha 180 oʻrinli oʻquv bloki qurish ishlari jarayonida kamchiliklarga yoʻl qoʻyilgan.
Qurilish obyektining birinchi blok gʻisht terish ishlari tasdiqlangan loyiha talablari asosida bajarilmagan. Xususan, loyihada koʻrsatilgandan ancha kichik diametrdagi armosetkalar qoʻllanilgan, gʻisht terish jarayonida vertikal choklar qorishma bilan toʻldirilmagan, obyektning ikkinchi blokida tashqi bazalt yopishtirish ishlari loyiha talablariga zid tarzda bajarilgan.
Qurilish sifatini aniqlash maqsadida tumandagi 26-sonli maktabda ham tekshiruv oʻtkazilgan. Bu yerda 330 oʻrinli binoni rekonstruksiya qilish hamda qoʻshimcha 240 oʻrinli oʻquv binosi qurish ishlari davomida birinchi blok gʻisht terish ishlari tasdiqlangan loyiha talablariga muvofiq bajarilmagan.
Shu bilan birga, gʻishtlar orasida vertikal choklar qorishmasi bilan toʻldirilmagan, birinchi blok poydevor konstruksiyasi boʻyicha yopiq ishlar dalolatnomasi rasmiylashtirilmasdan poydevorni betonlashtirish ishlari amalga oshirilgan.
Qurilish ishtirokchilariga aniqlangan kamchiliklarni bartaraf qilish boʻyicha majburiy boʻlgan yozma koʻrsatmalar berildi hamda pudratchilik tashkilotiga maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirildi.








