Oʻzbekistonda 400 ga yaqin bino sifatsiz qurilgani aniqlandi, deb xabar bermoqda Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi.
Qayd etilishicha, koʻp qavatli uy-joylarning zilzilabardoshligi va seysmik xavfsizligini taʼminlash yuzasidan Bosh prokuratura hamda Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan tizimli ishlar olib borilmoqda.
Oʻrganishlar davomida sifatsiz qurilgan 396 ta obyekt aniqlanib, ular yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlarga materiallar yuborildi.
Shuningdek, 200 dan ortiq holat boʻyicha sudlarga noqonuniy qurilish obyektlarini buzish haqida daʼvo arizalari kiritildi, 100 dan ziyod noqonuniy qurilishlar buzilishi taʼminlandi.
Qurilish jarayonlarida yoʻl qoʻyilgan qoʻpol qoidabuzarliklar yuzasidan esa 40 dan ortiq holatda jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan boʻlib, ayni paytda tegishli tergov harakatlari olib borilmoqda.








