O‘zbekistonda ijtimoiy soha obyektlarini qurish va ta’mirlashni moliyalashtirish uchun jamg‘arma tashkil etiladi. Bu haqda prezidentning “Ta’lim, sog‘liqni saqlash va sport tizimini barqaror rivojlantirishni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilandi.
Hujjatga ko‘ra, Ijtimoiy soha obyektlarini qurish va ta’mirlash jamg‘armasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzurida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan holda tashkil etiladi.
Jamg‘arma mablag‘lari quyidagi maqsadlarga yo‘naltiriladi:
- maktablar, tibbiyot va sport muassasalarini qurish, rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlash ishlarini amalga oshirish,
- ta’lim, tibbiyot va sport muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, zamonaviy jihozlar, o’quv va tibbiy anjomlar, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan ta’minlash;
- boshqa ijtimoiy yo‘nalishlardagi qurilish-ta’mirlash ishlarini amalga oshirish.
Vazirlar Mahkamasi 2026-yil 1-martga qadar vazirlik va idoralarning byudjetdan tashqari jamg‘armalarida 2025-yil yakuni bilan shakllangan qoldiq mablag‘larning 50 foiz qismidan jamg‘armaga o‘tkazilgan mablag‘lar hisobidan umumta’lim maktablari, tibbiy va sport muassasalarida qo‘shimcha quvvat yaratish ishlari uchun qurilish, ta’mirlash va jihozlash ishlari bo‘yicha manzilli ro‘yxatni tasdiqlashga oid tegishli qaror loyihasini qabul qiladi. Bunda jamg‘arma mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladigan loyihalar 2026–2028-yillarda ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturiga qo‘shimcha ravishda kiritiladi.
Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari 2026-yil 10-yanvarga qadar o‘zlarining byudjetdan tashqari jamg‘armalari (vaqtincha bo‘sh mablag‘larni depozitlarga joylashtirilgan qismini inobatga olgan holda) 2026-yil 1-yanvar holatiga qoldiq mablag‘larning 50 foizi jamg‘armaga o‘tkazilishini ta’minlaydi.
Hisob palatasi jamg‘arma mablag‘lari to‘g‘ri shakllantirilganligi hamda ulardan samarali va to‘g‘ri foydalanilganini nazorat qilib boradi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilda 230 ga yaqin tibbiyot muassasasida qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshiriladi. Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi axborotida keltirilishicha, 2026-yilda tegishli dasturlar hamda xalqaro mablagʻlar hisobidan umumiy hisobda 832 ta taʼlim tashkiloti obyektlarida qurilish-taʼmirlash ishlari amalga oshirilishi belgilangan.








