Daryo

O‘zbekiston va AQSH o‘rtasida investitsiya platformasi tashkil etiladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Vashingtonga tashrifning ishbilarmonlik tadbirlari davomida AQSH savdo vaziri bilan uchrashdi, AQSH Eksimbanki prezidenti hamda Xalqaro moliyaviy taraqqiyot korporatsiyasi bosh ijrochi direktori bilan hamkorlik masalasini muhokama qildi.

2 daqiqa o‘qish3 861 ko‘rishlar0 izoh0

Prezident Shavkat Mirziyoyev Vashingtonga tashrifning ishbilarmonlik tadbirlari davomida AQSH savdo vaziri bilan uchrashdi, AQSH Eksport-import banki prezidenti va raisi Jon Yovanovich hamda Xalqaro moliyaviy taraqqiyot korporatsiyasi (DFC) bosh ijrochi direktori Ben Blekni qabul qildi.

AQSH savdo vaziri bilan uchrashuv

Foto: Prezident matbuot xizmati

Shavkat Mirziyoyevning Vashingtonga amaliy tashrifi AQSH savdo vaziri Xovard Latnik bilan uchrashuvdan boshlandi. Oʻzbekiston—AQSH strategik sherikligini yanada mustahkamlashning amaliy jihatlari, shuningdek, ustuvor yoʻnalishlarda kooperatsiya loyihalarini ilgari surish masalalari muhokama qilindi.

Qoʻshma Shtatlar Oʻzbekistonning asosiy sheriklaridan biri ekanligi qayd etildi. Oʻzaro savdo hajmi 1 milliard dollardan oshdi, mamlakatimiz bozorida AQShning 340 ga yaqin kompaniyalari faoliyat yuritmoqda. Energetika, oʻta muhim minerallar, transport, qishloq xoʻjaligi, axborot texnologiyalari va boshqa sohalarda yirik loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Qiymati 35 milliard dollar boʻlgan uch yillik Iqtisodiy hamkorlik dasturi amal qilmoqda. Bugun ishbilarmonlik tadbirlari doirasida bir qator muhim kelishuvlar imzolanishi kutilmoqda.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Ustuvor loyihalarni tizimli qoʻllab-quvvatlash uchun yaqinda tashkil etilgan Ishbilarmonlik kengashining imkoniyatlaridan foydalanish va Investitsiya platformasini ishga tushirish zarurligi taʼkidlandi. Savdo munosabatlarini rivojlantirish hamda Oʻzbekiston hududlari bilan toʻgʻridan-toʻgʻri ishbilarmonlik aloqalarini kengaytirish muhimligi aytildi.

Eksimbank bilan hamkorlik yoʻnalishlari belgilab olindi

Shavkat Mirziyoyev AQSH Eksport-import banki prezidenti va raisi Jon Yovanovich hamda Xalqaro moliyaviy taraqqiyot korporatsiyasi (DFC) bosh ijrochi direktori Ben Blekni qabul qildi. Oʻtgan yili prezident Donald Tramp bilan boʻlib oʻtgan muzokaralar AQSH ishbilarmon doiralari bilan savdo-investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirishga kuchli turtki bergani taʼkidlandi. Ishbilarmonlik kengashi faoliyatini qoʻllab-quvvatlash va ustuvor loyihalarni tizimli ilgari surish uchun Investitsiya platformasini ishga tushirishga alohida eʼtibor qaratildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Eksimbank bilan hamkorlik yoʻnalishlari belgilab olindi. Yirik sanoat va infratuzilmaviy loyihalarni moliyalashtirishni kengaytirish hamda yuqori texnologiyali uskunalar yetkazib berishni qoʻllab-quvvatlash shular jumlasidan.

Investitsiya platformasi tashkil etiladi

DFC rahbariyati bilan suhbatda investitsiyaviy hamkorlik mexanizmlarini mustahkamlash muhimligi taʼkidlandi. Korporatsiyaning yirik milliy va mintaqaviy loyihalarda ishtirok etish, moliya bozori va energetika tarmogʻini rivojlantirish boʻyicha rejalari qoʻllab-quvvatlandi.

Oʻzbekiston prezidenti AQSH tomonini Toshkent xalqaro investitsiya forumida ishtirok etishga taklif qildi.

Uchrashuv yakunida davlat rahbari huzurida tashrif davomida imzolangan Oʻzbekiston va AQSH oʻrtasida investitsiya platformasini tashkil etish toʻgʻrisidagi bitim almashildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati
Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev AQSHga tashrifi davomida Tinchlik kengashining dastlabki yigʻilishida ham ishtirok etadi. Kengashning birinchi sammiti AQSH Tinchlik institutida boʻlib oʻtadi hamda Gʻazo sektorini tiklash, unga gumanitar yordam koʻrsatish, ushbu mintaqada tinchlik va barqarorlikni taʼminlash masalalariga bagʻishlanadi.

Toshkentdanman. Nizomiy nomidagi O‘zbekiston Milliy pedagogika universiteti Chet tillar fakultetini tamomlaganman. “Daryo”da 2019-yildan beri Mahalliy xabarlar bo‘limida muharrir lavozimida ishlayman va O‘zbekistonda ro‘y berayotgan voqealarni kuzatib, yoritib boraman. Tavsiyalarga ko‘ra kino va filmlar ko‘raman. Kitoblardan Charlz Dikkensning “Devid Kopperfild” romanini aynisa qiziqish bilan o‘qiganman.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar