Oʻzbekiston rezidenti Shavkat Mirziyoyev 17-fevral kuni rafiqasi hamrohligida AQSHga yetib bordi.
“Endryus” aviabazasida davlat rahbarini AQSH-O‘zbekiston savdo palatasi raisi Kerolin Lemm, Missisipi shtati Milliy gvardiyasi birlashgan shtabi qo‘mondoni Jeyms Xenkins, Vashingtonda ajratilgan qarorgohda esa AQSH prezidentining maxsus vakili Paolo Zampolli kutib oldi.
AQSHga tashrif doirasida Shavkat Mirziyoyev Tinchlik kengashining birinchi sammiti va bir qator ishbilarmonlik tadbirlarida ishtirok etadi.
Tinchlik kengashi — Donald Tramp tomonidan ilgari surilgan xalqaro tashkilotdir. Shveysariyaning Davos shahrida 2026-yilning 22-yanvar kuni tashkilot nizomi qabul qilingan. Shavkat Mirziyoyev ham Tramp bilan Tinchlik kengashi bitimini imzolagan.
Kengashning birinchi sammiti AQSH Tinchlik institutida boʻlib oʻtadi hamda Gʻazo sektorini tiklash, unga gumanitar yordam koʻrsatish, ushbu mintaqada tinchlik va barqarorlikni taʼminlash masalalariga bagʻishlanadi. Sammitda Tinchlik kengashining birinchi rasmiy uchrashuvi va bir vaqtning o‘zida xalqaro donorlik konferensiyasi bo‘ladi.
O‘zbekiston yetakchisi tashrifning ishbilarmonlik dasturi doirasida Amerikaning yetakchi kompaniyalari va moliya institutlari rahbarlari ishtirokidagi strategik loyihalar taqdimoti hamda iqtisodiy sohaga oid ikki tomonlama hujjatlarni imzolash marosimida ishtirok etishi koʻzda tutilgan.








