O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2026-yil 19-fevral kuni Vashington shahrida Tinchlik kengashining birinchi sammiti doirasida deyarli barcha delegatsiyalar rahbarlari bilan muloqot qildi. Bu haqda davlat rahbari matbuot kotibi Sherzod Asadov ma’lum qildi va ushbu muloqotdan olingan suratlarni taqdim etdi.
Shavkat Mirziyoyevning AQSHga amaliy tashrifi
Prezident tashrif davomida 18-fevral kuni AQSH savdo vaziri Xovard Latnik, AQSH savdo vakili Jeymison Grir, Eksimbank prezidenti va raisi Jon Yovanovich va Xalqaro moliyaviy taraqqiyot korporatsiyasi bosh ijrochi direktori Ben Blek bilan alohida uchrashuvlar o‘tkazdi. O‘zbekiston va AQSH o‘rtasida investitsiya platformasi tashkil etiladigan bo‘ldi.
Tashrifning ishbilarmonlik dasturi doirasida mamlakat yetakchisi bir qator ikki tomonlama hujjatlarni imzolash marosimida va qo‘shma loyihalar taqdimotida ishtirok etdi. Yonilg‘i quyish shoxobchalari tarmog‘ini qurish, yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyalarini joriy etish, muhim minerallarni qazib olish va yetkazib berish, parrandachilik klasterini tashkil etish, agrosanoat, moliya bozorini rivojlantirish hamda investitsiya muhitini yaxshilash bo‘yicha ikki tomonlama hujjatlar imzolandi. Imzolangan hujjat doirasida, jumladan, AQSHning Gulf kompaniyasi O‘zbekistonda 100 ta zapravka ochishi kutilmoqda. O‘zbekistonda Amerika standartlariga mos yonilg‘i quyish shoxobchasini ishga tushirish uchun kompaniya 150 million dollar sarmoya kiritadi.
Davlat rahbari 19-fevral kuni Vashington shahrida Tinchlik kengashining dastlabki yig‘ilishida so‘zga chiqqanida G‘azo sektorini ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan qayta tiklash hamda mintaqada tinchlik va barqarorlikni taʼminlash bo‘yicha o‘z qarashlari bilan o‘rtoqlashdi. O‘zbekiston ushbu hududda turar joylar, bolalar bog‘chalari, maktab va kasalxonalar barpo etishga imkon qadar hissa qo‘shishga tayyorligini qayd etdi.
Tashrif tadbirlari yakunlangach, prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahriga jo‘nab ketdi. Aeroportda davlat rahbari va rafiqasini AQSH—O‘zbekiston savdo palatasi raisi Kerolin Lemm va boshqa rasmiy shaxslar kuzatib qo‘ydi.
Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadovning yozishicha, Toshkentga yo‘l olgan samolyotda ham ish qizg‘in davom etdi. 12 soatlik parvoz chog‘ida birinchi bort tom ma’noda havodagi shtabga aylandi. Davlat rahbari delegatsiya a’zolari bilan tashrif yakunlarini muhokama qildi, telefon va videoaloqa orqali tarmoq idoralari va hududlar rahbarlari bilan muloqotlar o‘tkazdi, yaqin istiqboldagi rejalarni ko‘rib chiqdi.








