Daryo

Isroil G‘azo bo‘yicha “Tinchlik kengashi”ga qo‘shildi

Kengash mojarolarning oldini olish va G‘azo sektorini tiklash jarayoniga e’tibor qaratadi. Biroq uning tarkibiga Falastin vakillari kiritilmagan. Isroilning kengashdagi ishtiroki tanqidlarga sabab bo‘lishi kutilmoqda.

2 daqiqa o‘qish4 827 ko‘rishlar0 izoh4

Isroil AQSH prezidenti Donald Tramp tashabbusi bilan tuzilgan G‘azo sektori bo‘yicha “Tinchlik kengashi”ga qo‘shildi. Bu haqda mamlakat bosh vaziri Binyamin Netanyaxuga tayanib, Reuters xabar berdi.

Netanyaxu 11-fevral kuni Vashingtonga tashrifi chog‘ida AQSH Davlat kotibi Marko Rubio bilan uchrashdi. Aynan shu uchrashuvda Isroil “Tinchlik kengashi”ga qo‘shilgani bo‘yicha hujjat imzolandi. Netanyaxu tegishli hujjatni o‘zining X (sobiq Twitter)dagi sahifasiga joyladi.

“Tinchlik kengashi” — Donald Tramp tomonidan ilgari surilgan xalqaro tashkilotdir. Shveysariyaning Davos shahrida 2026-yilning 22-yanvar kuni tashkilot nizomi qabul qilindi. Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozogʻiston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev ham ushbu kengash nizomini imzoladi. Jami 19 ta davlat yetakchilari Davosdagi mazkur tadbirda qatnashdi. Kengashga doimiy a’zo bo‘lishni istagan davlatlar 1 milliard dollar ixtiyoriy badal to‘lashi lozim.

AQSH ma’muriyati ushbu mablag‘lar “G‘azoni tiklashga yo‘naltirilishini” va’da qilmoqda. Trampning kuyovi Jared Kushner Davosdagi yigʻilishda Yangi Gʻazo boʻyicha rejalarni e’lon qilgan. Unga ko‘ra, kelgusi 10 yil ichida (2035-yilgacha) G‘azo hududining yalpi ichki mahsuloti 10 milliard AQSH dollaridan oshadi va 500 mingdan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratiladi. 5 milliard AQSH dollaridan ortiq mablag‘ zamonaviy va ishonchli kommunal infratuzilma hamda jamoat xizmatlariga yo‘naltiriladi.

“Tinchlik kengashi” nizomiga ko‘ra, a’zo davlatlar yetakchilari yiliga bir marta AQSH prezidenti raisligida yig‘iladi. Kengash raisi, ya’ni AQSH prezidenti uni boshqarishda mutlaq vakolatlarga ega bo‘ladi. U har qanday qarorga veto qo‘yishi, shuningdek, kengashga kim a’zo bo‘lishi yoki a’zolikdan chetlatilishini belgilashi mumkin. A’zo bo‘lingan vaqtdan boshlab davlatning kengashdagi vakolat muddati uch yil etib belgilanadi. Agar 1 milliard dollarlik badal toʻlansa, bu muddat uzaytirilishi mumkin. Qozogʻiston “Tinchlik kengashi”ga badalsiz a’zo boʻlgan.

AQSH 19-fevral kuni G‘azo bo‘yicha “Tinchlik kengashi” yetakchilari uchrashuvini o‘tkazmoqchi. AQSH ma’muriyati uchrashuvdan G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvning ikkinchi bosqichini ilgari surish va mintaqani tiklash uchun mablag‘ yig‘ish maqsadida foydalanmoqchi. Sammitda “Tinchlik kengashi”ning birinchi rasmiy uchrashuvi va bir vaqtning o‘zida xalqaro donorlik konferensiyasi bo‘ladi.

Ko‘plab huquq himoyachilari Trampning xorijiy hudud boshqaruvini nazorat qiluvchi kengashga rahbarlik qilishi mustamlakachilik tizimini eslatishini ta’kidladi. Kengash tarkibida Falastin vakil yo‘qligi sabab Isroilning undagi ishtiroki yanada ko‘proq tanqidga sabab bo‘lishi kutilmoqda. Ispaniya aynan shu sababli “Tinchlik kengashi”ga a’zo bo‘lishdan bosh tortgan.

Mazkur kengash BMT doirasidan tashqarida faoliyat yuritadi. Unda Falastin milliy ma’muriyati vakillari yoʻq. G‘azo va G‘arbiy sohil kelajagini falastinliklarning o‘zi hal qilishi shart, degan Ispaniya bosh vaziri Pedro Sanches.

Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar