Toshkent shahrida harakatlanib ketayotgan Tracker-2 avtomobilidan yosh bola yo‘lning qatnov qismiga tushib ketdi. Holat aks etgan video 14-yanvar kuni ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi.
Toshkent shahar IIBB YHXB bergan rasmiy ma’lumotga ko‘ra, hodisa 2026-yil 13-yanvar kuni soat 17:05 lar atrofida Mustaqillik shoh ko‘chasida sodir bo‘lgan. 2000-yilda tug‘ilgan haydovchi M.M. Tracker-2 avtomobilini boshqarib ketayotgan vaqtida, transport vositasi orqa o‘rindig‘ida bo‘lgan 2024-yilda tug‘ilgan farzandi M.M. avtomobilning orqa chap eshigi ochilib ketgani sabab yo‘lga yiqilib tushgan.
Rasmiy izohda qayd etilishicha, holat haydovchining e’tiborsizligi oqibatida yuz bergan. Shunga qaramay, ushbu avtomobil ortidan kelayotgan BYD rusumli avtomashina haydovchisining hushyorligi sababli bolaning bosib ketilishi oldi olingan.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda navbatchilik qilayotgan Yo‘l harakati xavfsizligi xodimi bolaning yoniga yugurib borib, uni yo‘ldan olib chiqqani ham aks etgan. Hozircha bolaning sog‘lig‘i holati yuzasidan qo‘shimcha rasmiy ma’lumot berilmagan.








