Daryo

AQSH Isroil bilan G‘azo kelajagi bo‘yicha maxfiy muzokaralar olib boryapti

Muzokaralar G‘azoni boshqarish uchun tuzilgan “Tinchlik kengashi” o‘z faoliyatini boshlayotgan, shuningdek, Eron atrofidagi keskinlik kuchayib borayotgan bir paytga to‘g‘ri keladi.

1 daqiqa o‘qish3 905 ko‘rishlar0 izoh0

Qo‘shma Shtatlar prezidentining maxsus vakili Stiv Uitkoff va maslahatchisi Jared Kushner Isroilga borib, bosh vazir Benyamin Netanyaxu bilan uchrashuv o‘tkazishi mumkin. Bu haqda Bloomberg xabar berdi.

Agentlik xabariga ko‘ra, muzokaralar urushdan keyingi G‘azoni boshqarish uchun tuzilgan “Tinchlik kengashi” o‘z faoliyatini boshlayotgan, shuningdek, Eron atrofidagi keskinlik kuchayib borayotgan bir paytga to‘g‘ri keladi. Isroil matbuot kotibi Shosh Bedrosian uchrashuv rejalashtirilganini tasdiqladi, biroq uning vaqti haqida ma’lumot bermadi. Qo‘shma Shtatlarning Quddusdagi elchixonasi esa vaziyatga izoh berishdan bosh tortdi.

Shu bilan bir vaqtda, Reuters agentligi tomonlar o‘rtasidagi uchrashuv allaqachon bo‘lib o‘tgani haqida xabar berdi. Ma’lum qilinishicha, kun tartibidagi asosiy masala G‘azo taqdiri bo‘lgan. AQSH mulozimlari Benyamin Netanyaxu bilan Donald Tramp vositachiligida erishilgan o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvning keyingi bosqichlarini muhokama qilgan.

Qish fasli gumanitar yordam kirishi cheklangan G‘azodagi vaziyatni yanada murakkablashtirdi
Foto: NRC


Yangi G‘azo

Joriy yilning 22-yanvar kuni AQSH “Yangi G‘azo” loyihasini e’lon qildi. Rejaga ko‘ra, anklav infratuzilmasi butunlay qayta quriladi. Turar joy binolari, savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlari, biznes markazlari va dengiz bo‘yidagi dam olish maskanlari barpo etiladi. Vashington mazkur tashabbusni urushdan keyingi barqarorlashtirish strategiyasining bir qismi sifatida taqdim etmoqda.

Trampning “Tinchlik kengashi”

“Yangi G‘azo” loyihasi e’lon qilingan kunda AQSH prezidentining yana bir muhim tashabbusi hayotga ko‘chdi. Donald Tramp Davosda bo‘lib o‘tgan Jahon iqtisodiy forumida so‘zga chiqib, “Tinchlik kengashi” tuzilganini e’lon qildi. Ushbu tuzilma tarkibiga kirgan jami 19 ta davlat ichida O‘zbekiston ham bor.

Ma’lum qilinishicha, “Tinchlik kengashi” o‘z faoliyatini avvalo G‘azo masalasidan boshlashi, so‘ngra e’tiborini Rossiya—Ukraina urushi va boshqa global inqirozlarga qaratishi rejalashtirilgan. Biroq Oq uyning mazkur tashabbusi na Kanada, na Qo‘shma Shtatlarning G‘arbiy Yevropadagi ittifoqchilari tomonidan ijobiy qabul qilindi.

Andijonlikman, Toshkentda yashayman. Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetini tamomlaganman. “Daryo” tahririyatida 2024-yil noyabr oyidan buyon muxbir sifatida ishlayman va siyosiy, ijtimoiy hamda harbiy yoʻnalishlarga ixtisoslashgan materiallar tayyorlayman. “If qaʼlasining mahbusi” filmini miriqib tomosha qilaman. Lev Tolstoyning asarlarini, ayniqsa, “Urush va tinchlik”ni yoqtiraman.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar