2026-yil 1-yanvar holatiga koʻra, Oʻzbekistonda 284 440 nafar yakka tartibdagi tadbirkor (YTT) faoliyat yuritmoqda. Bu koʻrsatkich 2025-yil yanvar oyi boshida 283 866 nafarni tashkil etgan.
Statistika qoʻmitasi maʼlumotlariga koʻra, oʻtgan oyda hududlar kesimida eng koʻp YTT Toshkent shahrida qayd etilgan—41 093 ta. Samarqand (29 792 ta), Fargʻona (27 186 ta), Andijon (26 233 ta) va Toshkent (26 060 ta) viloyatlarida ham ular soni nisbatan koʻproq. Qolgan hududlardagi YTTlar soni quyidagicha:
- Qashqadaryo viloyatida – 23 327 ta;
- Namangan viloyatida – 19 908 ta;
- Buxoro viloyatida – 17 401 ta;
- Qoraqalpogʻiston Respublikasi – 17 090 ta;
- Surxondaryo viloyatida – 16 710 ta;
- Xorazm viloyatida – 14 198 ta;
- Jizzax viloyatida – 9 767 ta;
- Sirdaryo viloyatida – 8 025 ta;
- Navoiy viloyatida 7 650 ta.
Avvalroq, iqtisodchi Islombek Niyozmetov mamlakatda yakka tartibdagi tadbirkorlik mohiyati yoʻqotilgani haqida fikr bildirgandi. Olimning aytishicha, YTTlarga besh kishigacha ishchi yollash huquqi berilgani notoʻgʻri boʻlgan. Oʻzini oʻzi band qilganlar yillik daromadi 100 million soʻmdan oshsa, yakka tadbirkor sifatida soliqqa tortilishi ham katta xato. Professor YTTdan undiriladigan QQS 12 foizlik aylanma soligʻidan boshqa toʻlov emasligini taʼkidlagan.








