Daryo

O‘zbekistonliklar kreditni asosan nima maqsadda olyapti?

Bir yil ichida aholi qarzlari tadbirkorlarnikiga nisbatan tezroq oʻsgan. Qator kredit turlaridan foydalanish ulushi ortgan.

2 daqiqa o‘qish9 420 ko‘rishlar0 izoh1

Aholi va biznes banklardan turli maqsadlarda foizli qarzlar olmoqda. Markaziy bank tahlilida jismoniy shaxslarga uy-joy xaridi uchun koʻproq kredit berilgani ochiqlangan. Tadbirkorlikda esa sanoat tarmogʻiga ajratilgan qarzlar ulushi yuqori.

Xalq va tadbirkor qancha qarzdor?

2026-yil 1-mart holatiga koʻra, Oʻzbekiston banklaridagi jami kredit qoldigʻi 613,7 trln soʻmga yetdi. Bu bir yil oldingidan 73,7 trln soʻmga koʻp. 

Bir yil ichida aholi qarzlari tadbirkorlarnikiga nisbatan tezroq oʻsgan. Xususan, foizli qarzlarning 223,9 trln soʻmini aholi olgan. Mazkur koʻrsatkich 2025-yil 1-martdagidan 41,2 trln soʻmga oshgan. Oʻz navbatida 389,7 trln soʻm qarzdorlik korxonalar zimmasida (yillik oʻsish 32,4 trln soʻm).

Ajratilgan qarzlarning katta ulushi davlat banklariga tegishli — 410,4 trln soʻm (yillik oʻsish 40 trln soʻm). Boshqa banklar esa jami 203,3 trln soʻm (oʻsish 32 trln soʻm) kredit bergan. Davlat banklaridan Oʻzmilliybank (106,6 trln soʻm), xususiy banklardan Kapitalbank (36,6 trln soʻm) eng koʻp qarz ajratgan.

Eng katta qarzlar uy olish uchun

Joriy yil 1-mart holatiga koʻra, aholi eng koʻp kreditni uy xaridi uchun olgan — 81,2 trln soʻm. Bu 2025-yil 1-martdagidan 11,6 trln soʻmga koʻp. Oʻz navbatida 49,2 trln soʻm mikroqarzlar ajratilgan (bir yilda 3,4 trln soʻm koʻpaygan). Mikrokreditlar miqdori esa 42 trln soʻmni tashkil etgan. Bir yil ilgari mazkur turdagi qarz boʻyicha raqamlar keltirilmagan.

Avtomobillarni kreditga olish uchun banklardan jami 39,2 trln soʻm qarz “koʻtarilgan”. Bundan farqli oʻlaroq, 2025-yil 1-martda avtokredit olingani qayd etilmagan. Bu Markaziy bank tomonidan mazkur turdagi qarzlar boʻyicha vaqtincha qoʻllangan qatʼiy choralar bilan bogʻliq boʻlishi mumkin. Biroq oʻtgan yilning bahorigacha aholi tomonidan avtokredit oʻrniga 39,8 trln soʻm isteʼmol kreditlari olingan. Yaʼni avtokredit oʻrnini vaqtinchaga isteʼmol kreditlari egallagan. Joriy yil martida esa isteʼmol kreditlari qoldigʻi 489 mlrd soʻmni tashkil etgan.

Oʻz navbatida fuqarolarga 6,9 trln soʻm taʼlim uchun, 4,8 trln soʻm bosh maqsadlarga kreditlar ajratilgan.

Biznes uchun olingan qarzlar

Joriy yil 1-martgacha tadbirkorlik subyektlari tomonidan eng koʻp kreditlar sanoat tarmogʻi uchun jalb qilingan — 140,8 trln soʻm. Bu bir yil oldingidan 13,5 trln soʻmga kam.

Foizli qarzlarning yana bir yirik ulushi qishloq xoʻjaligi sohasiga ajratilgan — 62,1 trln soʻm. Mazkur koʻrsatkich 2025-yil martidagidan 12,2 trln soʻmga koʻp.

Oʻz navbatida savdo va umumiy xizmat tarmogʻi 44,7 trln soʻm, Transport va kommunikatsiya 32,9 trln soʻm, qurilish 20 trln soʻm kredit olgan.

Maʼlumot uchun, banklar 2025-yilda aholi va biznesga jami 390 trln soʻm kredit ajratgan. Bunda berilgan foizli qarzlar miqdori 2024-yildagiga (287,2 trln soʻm) nisbatan qariyb 36 foizga oshgan.

Farg‘onadanman. Oʻzbekiston Milliy universitetini tamomlaganman. “Daryo”da 2022-yildan beri muxbirman. Iqtisodiy-siyosiy voqealarni yoritib boraman. Yoqtirgan kinolarimdan biri — “Shoushenkdan qochish”. Oxirgi o‘qilgan kitoblardan iqtisodchi olimlar Daron Ajemo‘g‘li va Jeyms Robinson hammuallifligidagi “Mamlakatlar tanazzuli sabablari…” kitobi yoqdi.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar